12:25 / 14.04.2016
1356

OAV: Putin bilan "bevosita muloqot"ga Podmoskoveda tayyorgarlik ko‘rishmoqda

Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan bevosita muloqot ishtirokchilari prezident ishlari bo‘yicha boshqarmaning «Polyana» pansionatida yig‘ilgan.

RBK telekanalining tashkilotchilarga aloqasi bor manbasiga tayangan holda xabar berishicha, ular bu yerda muloqotga tayyorgarlik ko‘rish barobarida maxsus ko‘rsatmalar ham olishmoqda.

Muloqot 2016 yil 14 aprelda bo‘lib o‘tishi belgilangan. Vladimir Putin federal telekanallardagi jonli efir chog‘ida telefon, videoaloqa vositasida hamda studiyada to‘planganlar bergan savollarga javob beradi.

Manbaning hikoya qilishicha, bevosita muloqotga tayyorgarlik anchadan beri davom etib kelmoqda. Prezident ma'muriyati davlat rahbariga savol berishi mumkin bo‘lgan kishilarni qidirgan, shundan so‘ng, bir necha yuz kishi pansionatga to‘plangan. Ular ko‘rikdan o‘tkazilgach, bir necha o‘n kishi savol beruvchilar sifatida tanlab olingan. Bunda ularning ayrimlariga, tashkilotchilar tomonidan ham savollar taqdim etilgan.

RBK suhbatdoshlarining aytishlaricha, tanlab olinganlar alohida ko‘rsatmalar olishgan, qolganlariga savol berish imkoniyatisiz studiyada qolishga izn berilgan.

Qayd etilishicha, Rublevo-Uspenskiy shossesidagi pansionat mehmonlariga, repetitsiya haqida sir saqlashni tavsiya etishgan. Bundan tashqari, ularga muloqotda ishtirok etgunlaricha «Polyana»ni tark etishga ruxsat berilmagan.

Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, bugungi muloqotda studiyada ilk marotaba Kremlning hohishiga ko‘ra, federal vazirlar va gubernatorlar ham ko‘zga tashlanadi. Taxminlarga ko‘ra, vazirlar fuqarolarning Putinga qilgan murojaatlaridan kelib chiqadigan muammolarga zudlik bilan e'tibor qaratishlari lozim bo‘ladi.

Bundan tashqari, studiyada Putin tashabbusi bilan tashkil etilgan «Umumrossiya xalq fronti», shuningdek, «Ishbilarmon Rossiya» va «Rossiya tayanchi» tashkilotlari vakillari ham bo‘ladi.

Top