O‘tgan yilning yozida bildirilgan prognozlar o‘zini oqlamadi. Ko‘pchilik  «Lester»ni APLdan tushib ketishini taxmin qilgandi. Yakunda Vardi va «tulkilar» jamoasi futbolchilari shampanga cho‘milib chempionlikni nishonlashdi.

O‘tgan mavsumdan saboq chiqargan APL grandlari yangi mavsum arafasida transferlarga zo‘r berishdi. Katta maqsadlarga ega jamoalar kamida 4 nafardan saviyali futbolchilar bilan tarkiblarini to‘ldirishdi va to‘ldirishda davom etishmoqda.

Quyidagi prognozda jamoalar hozirgi holatlaridan kelib chiqqan holda 20ta o‘ringa joylashtirib chiqilgan va jamoalarning imkoniyatlari baholangan. Aslida qaysi jamoa futbolchilari kubokni bosh uzra ko‘tarishini 2017 yilning bahori oxiriga borib ko‘ramiz.

20. «Hall Siti»

Chempionshipdan yuqori ligaga ko‘tarilgan «yo‘lbarslar» jamoasi ilk turni amaldagi chempion «Lester»ga qarshi o‘tkazadi. Lekin jamoa murabbiysiz qolgan. Stiv Bryus bilan shartnoma bekor qilindi, yangi murabbiy topilmagan. Shuningdek, bu jamoa yozgi transferlar vaqtida bironta yangi futbolchi xarid qilmadi. Aksincha «Hall»ning o‘tgan mavsumdagi eng yaxshi futbolchisi, o‘tish o‘yinida «Derbi Kaunti» darvozasini ishg‘ol qilib, jamoani APLga qaytargan  Muhammad Diame «Nyukasl»ga sotib yuborildi. Jamoaga yaxshi murabbiy olib kelinsagina ligada qolish imkoni bo‘ladi. Qolaversa, bu vaqtda jamoa xo‘jayini klubni sotish taraddudiga tushgan. Bu jamoa ham xitoylik investorlar qo‘liga o‘tishi mumkin.

19. «Byornli»

«Byornli»da xarizmatik murabbiy Shon Daych va uning o‘ziga o‘xshagan shogirdi, hujumchi Andre Grey bor. U haqda yangi mavsumda ko‘p gapirishlari kutiladi. Lekin APL debyutanti yana ligada «jon saqlab qolish» uchun kurash olib borishi tayin. Jamoa chempionshipdagi tarkibini deyarli o‘zgartirmagan, «Byornli»ning yangi mavsum arafasidagi ikki transferi –  «Charlton»dan sotib olingan futbolchilar. Jamoa futbolchilariga APL jamoalari bilan kurashlarda  saviya yetishmay qolishi mumkin.

18. «Uotford»

Angliyaga italiyalik murabbiy Valter Matstsarri va  «Granada» futbolchilaridan bir qanchasi olib kelindi. Lekin murabbiyni «Uotford»da ba'zi qiyinchiliklar kutib turibdi. Tarkib futbolchilari geografiyasi turli-tuman bo‘lib,  Matstsarrida futbolchilar bilan aloqa o‘rnatishga til bo‘yicha muammolar xalaqit berishi mumkin. Kike Flores futbolchilarning tilini topgandi, lekin uni ishdan bo‘shatishdi.