Rossiya tinchlik muzokaralari boshi berk koʻchaga kirib qolgani bahonasida, Ukrainaga zarbalarni kuchaytirishga hozirlik koʻrmoqda. Bu haqda Bloomberg nashrining Kremlga yaqin manbalari xabar berdi.
Agentlik suhbatdoshlari quyidagilarni soʻzlab berdi:
Rossiya Kiyevga, jumladan, Ukraina poytaxti markaziga, shuningdek, mamlakatning boshqa shaharlaridagi infratuzilma obyektlariga oddiy ballistik raketalar bilan zarbalarni kuchaytirish imkoniyatini koʻrib chiqmoqda.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin iqtisodiy sanksiyalar va Ukrainaning Rossiya neftni qayta ishlash zavodlari hamda logistikasiga berayotgan zarbalari bosimi ostida urushni toʻxtatmaydi.
Moskva Ukraina zarbalarini tobora koʻproq NATO davlatlarining hujumlari sifatida baholamoqda, chunki alyansga aʼzo mamlakatlar Kiyevga qurol-yarogʻ va razvedka maʼlumotlarini yetkazib bermoqda.
Tinchlik muzokaralarining barcha mexanizmlari barbod boʻldi, oqibatda har ikki urushayotgan tomon dastlabki nuqtaga qaytdi. Kreml urush davomida allaqachon yon bosganini va bu yon berishlarning har biri Rossiya pozitsiyasini zaiflashtirganini daʼvo qilmoqda. Diplomatik aloqalar mavjud boʻlmagan sharoitda Moskva Rossiyaga oʻz harbiy maqsadlariga erishish imkonini beradigan mojaroni yanada kuchaytirishdan boshqa muqobil yoʻllarni koʻrmayapti.
Ukraina zarbalarining shiddati ortgani sababli rossiyalik amaldorlarning tobora koʻprogʻi Putin oxir-oqibat keskin choraga - Ukrainada taktik yadro qurolini qoʻllashga oʻtishi mumkin, deb hisoblamoqda.
Bloomberg nashrining qayd etishicha, Rossiyaning Ukrainada taktik yadro qurolini qoʻllashga tayyorlanayotganiga ishora qiluvchi hech qanday alomat yoʻq. Ilgari Rossiya Ukrainaning Gʻarbdagi ittifoqchilarini qoʻrqitishga urinib, bir necha bor yadroviy tahdidlarni qilgan.
Berlindagi Rossiya va Yevroosiyoni oʻrganish boʻyicha Karnegi markazi direktori Aleksandr Gabuyev nashrga bergan izohida Moskvaning taktik yadro qurolini qoʻllash xavfi oʻta past darajada qolayotganini taʼkidladi.
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlar shu haqdagi soʻroviga javob bermadi.









