Nepaldagi dahshatli suv toshqinida 100 ga yaqin kishi halok boʻldi
|22:18 / 26.08.20265 3083 min
Nepalda, Tibet bilan chegara yaqinida yuz bergan suv toshqini oqibatida kamida 95 kishi halok boʻldi. Yuzlab odam, jumladan, 291 nafar xorijiy sayyoh bedarak yoʻqolgan deb hisoblanmoqda. Toshqin Xitoy nazoratidagi Tibetda ham vayronagarchiliklarga olib keldi.
Foto: ReutersFoto: Reuters
Nepal turizm boshqarmasiga tayanib BBC nashrining xabar berishicha, 26-avgust kuni suv toshqinidan jabr koʻrgan hududda sayohat qilayotgan kamida 384 nafar sayyoh bilan aloqa uzilgan. Ularning 291 nafari xorijliklar, jumladan, yuzdan ortigʻi Hindiston fuqarosi, 17 nafari Malayziya fuqarosi va 12 nafari britaniyalikdir.
Foto: Reuters
Bedarak yoʻqolganlar orasida Rasuva tumanidagi gidroelektr stansiyasi qurilishida ishlagan sakkiz nafar Janubiy Koreya fuqarosi ham bor, deb xabar berdi Yonhap. Yana 10 nafar koreyalik hududdan chiqa olmay, qutqaruvchilarni kutmoqda.
Chorshanba oqshomiga kelib 95 kishining oʻlimi tasdiqlandi, deb xabar berdi AFP va Reuters agentliklari Nepal politsiyasiga tayanib.
Nepal poytaxti Katmanduda yashovchi xitoylik tadbirkor I Lyong oʻz kompaniyasiga tegishli yettita konteyner tashuvchi kema suv toshqini hududida ekanini aytdi. Xodimlar bilan barcha aloqa uzilgan. Uning soʻzlariga koʻra, tabiiy ofat haqida hech qanday ogohlantirish boʻlmagan.
Foto: Reuters
«Bu yerlarda, ayniqsa, yomgʻirlar mavsumida vaqti-vaqti bilan sel oqimlari va koʻchkilar boʻlib turadi, ammo bu galgisi ancha jiddiyroqqa oʻxshaydi», - dedi tadbirkor.
Nepal tashqi ishlar vaziri Shishir Xanalning aytishicha, dastlabki maʼlumotlarga koʻra, kutilmagan suv toshqiniga koʻchki sabab boʻlgan, koʻchki esa oʻz navbatida chorshanba kuni ertalab, mahalliy vaqt bilan taxminan soat 8:37 da yuz bergan zilzila tufayli kelib chiqqan.
Potsdamdagi Gelmgols markazi (Germaniyadagi geologiya fanlari tadqiqot markazi) chorshanba kuni ertalab Nepalda 4,4 magnitudali zilzilani qayd etgan.
Katmandudagi Togʻli hududlarni kompleks rivojlantirish xalqaro markazi xodimi Syangun Chjan va boshqa olimlarning fikricha, suv toshqiniga Nepal tomonidagi Lxende-Kxola daryosiga qor koʻchkisining tushishi turtki boʻlgani taxmin qilinmoqda.
Nepal TIV rahbarining soʻzlariga koʻra, vayronagarchiliklar nafaqat Nepalda, balki Xitoyda ham kuzatilmoqda va har ikki davlat oʻz harakatlarini muvofiqlashtirmoqda. 70 dan ortiq harbiy va politsiyachi, shuningdek, bojxona va chegara nazorati xodimlari bedarak yoʻqolgan deb hisoblanmoqda.
Foto: Reuters
Yoʻllar, koʻpriklar, kommunikatsiyalar va gidroenergetika infratuzilmasi jiddiy shikastlangan. Eng koʻp vayronagarchilik Nepalning Rasuva va Nuvakot (Bagmati provinsiyasi) tumanlarida kuzatilgan.
Xitoy hukumati hozircha suv toshqini oqibatlari haqida xabar bermadi. Xitoy raisi Si Jinping odamlarni qidirish va jabrlanganlarga yordam koʻrsatish uchun «barcha choralarni koʻrishga» buyruq berdi, deb xabar qildi «Sinxua».
Foto: Reuters
Tibetdagi chegara shahri Gyirongga kamida 574 nafar qutqaruvchi yuborilgan. Ulardan biri Xitoyning CCTV davlat telekanaliga jabrlangan hududga olib boradigan yoʻlni toʻsib qoʻygan bir yarim metrlik loy va balchiq qatlami tufayli qutqaruvchilar Gyirongga yetib borishi uchun toʻrt soatdan koʻproq vaqt kerak boʻlishini aytgan.