Samsung Galaxy Galaxy S9 muvaffaqiyatsizligi tufayli Note 9 taqdimoti tezlashtirildi
Janubiy koreyalik insayderlar Samsung navbatdagi flagmani taqdimotini yozga belgilashi mumkinligi haqida xabar berishdi. Bunga Galaxy S9 smartfonining muvaffaqiyatsizligini sabab qilib ko‘rsatilmoqda. SamMobile shu haqida xabar berdi.
Kompaniyadagi manbalarga ko‘ra, Samsung kompaniyasi Galaxy Note 9 flagmani taqdimot sanasini tezlashtirmoqchi. Reliz kuz oylari boshida emas, yoz oylari o‘rtalarida bo‘lishi kutilmoqda. Koreyalik ishlab chiqaruvchilar Galaxy S9 muvaffaqiyatsizligidan keyin shu tariqa Apple'ga yetib olishmoqchi. Ta'kidlash joizki, Note lineykasining avvalgi smartfoni 23 avgustda namoyish qilingan, model 15 sentabrda sotuvga chiqqan.
Manbaga ko‘ra, flagman 6,38 dyuymli OLED-displey, ikki kamera va biometrik himoya tizimini olishi kutilmoqda. 25 fevral kuni namoyish qilingan Samsung Galaxy S9 smartfoni bozorda kutilgan muvaffaqiyatga erisha olmadi. Modelga bo‘lgan dastlabki buyurtmalar sonining nisbatan kamligi va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining yangi qurilmaga qiziqishlari u qadar kuchli emasligi shundan dalolat bermoqda.