Lekin oʻyin boshlanishi bilan hammaning koʻzi «Sportning» safidagi 28 raqamli oʻziga biroz katta futbolkani osiltirib kiyib olgan ozgʻin yigitchada. 25-daqiqada ana shu yigitcha Luish Felipega golli uzatma bergach, hisob ochiladi. Birinchi boʻlimning oʻzida 28-raqamli vunderkind penalti ishlaydi va Pintu yana gol uradi.
Tanaffusda «MU» afsonalari Ferdinand, Giggz, Skoulz va Kin oʻyinni muhokama qilish oʻrniga Fergyusondan raqib safidagi 28 raqamli bolakayni sotib olishni soʻraydi. Keyinroq eslashlaricha, bu afsonalar serni koʻndirmaguncha fikridan qaytmagan. Fergyuson bu ishni hal qilmay stadiondan ketmaslikka soʻz beradi. Oʻsha oʻyindan olti kun oʻtib «MU» 12 million funt evaziga «Sportning»dan Krishtianu Ronaldu degan oʻsha vunderkindni sotib oladi.
Bu hali hammasi emasdi. Ronaldu «MU»ga qarshi oʻyindan 10 kun oʻtib endi «MU» safida APLda «Bolton»ga qarshi oʻyinda debyut qiladi. 4 kun oʻtib esa yigitcha Qozogʻistonga qarshi oʻyinda Portugaliya milliy jamoasi safida ilk marta maydonga tushadi. Oʻsha paytlar koʻpchilik Rikardu Kuarejmaning ajoyib oʻyinlaridan hayratlanib yurar, vaqti kelib Ronaldu Portugaliya milliy jamoasi safida 234 ta oʻyin oʻtkazib, 146 marta gol urishini tasavvur ham qilolmasdi.
Axir milliy jamoa safida 100 ta oʻyin oʻtkazishning oʻzi ertaknamo natija, eng yaxshi toʻpurarlar esa 30-40 ta gol urgan boʻlardi-da. Lekin Ronaldu chegaralarni pisand qiladigan oddiy futbolchi emas, insoniyat tarixidagi eng zoʻr atletlardan biriga aylandi. Ana shu tirik afsona atrofida sportga xos boʻlmagan yoqimsiz intriga avj oldi. Ronaldu kutilmaganda milliy jamoa lagerini tark etdi, ochiqchasiga xafa boʻlib ketdi, keyinchalik nima boʻlganini aytib beraman, deb sirli tarzda ketdi.
Hurmatsizlik
Barchasi Ronaldu Norvegiyaga qarshi oʻyinda zaxirada qolishidan boshlandi. 2008-yildan buyon Ronaldu qaysidir oʻyinni toʻliq zaxira oʻrindigʻida oʻtkazmagandi, shu sabab murabbiyning bu qarori katta shov-shuvga sabab boʻldi. Murabbiy ham begona emas, Ronaldu bilan Saudiya chempioni boʻlgan Jezush. Krishtuanu murabbiy uni keyingi oʻyinda ham tushirmasligini bilgach, milliy jamoa qarorgohini tark etgan.
Murabbiy futbolchi bilan hech qanday kelishmovchilik yoʻq ekanini aytmoqda, lekin uning soʻzlaridan gap nimada ekanini tushunish qiyin emas. «Bu yerda men boshman, hech bir futbolchi yoki prezident rejamni oʻzgartira olmaydi», dedi Jorji Jezush. Albatta, futbolda tarkibni murabbiy tanlaydi, kerak boʻlsa, «Real» afsonasi Kasilyas zaxirada oʻtirishini ham koʻrganmiz. Shunchaki bu gal zaxirada qolgan shunchaki futbolchi emas, dunyoda eng koʻp kuzatiladigan sportchi ekani vaziyatni oʻzgartirdi.






