Bugun, 11 aprel kuni Özbekiston Respublikasi boş vaziri Abdulla Aripov raisligida Özbekiston prezidentining 5 aprel kuni imzolangan «Özbekiston Yozuvçilar uyuşmasi faoliyatini yanada takomillaştiriş çora-tadbirlari töğrisida»gi qarorida belgilangan vazifalar bajarilişi bilan boğliq taşkiliy masalalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yiğilişi ötkazildi.
Yiğilişda Özbekiston boş vaziri Özbekiston Yozuvçilar uyuşmasining moddiy ta'minotiga töxtaldi va «Xalq banki» rahbari Abdurasul Abdullayevga tanbeh berdi.
«Yozuvçilar uyuşmasi homiysi sifatida biriktirilgan Xalq banki. Xalq banki. Abdullayev. Şarmanda.
Şu kungaça qança pul ajratdinglar? (Ikkinçi tomon ovozi eşitilmaydi. Şundan söng, boş vazir «Asaka» bank rahbariga yuzlanadi va savoliga javob oladi).
«Asaka» bank siznikiday katta bank emas. Şu kunga qadar ular 6 milliard 212 million söm pul ajratib bergan... Nima deyiş kerak? «Asaka» bankka rahmat aytamiz, sizga nima deyiş kerak, Abdurasul Ne'matoviç?
Rahmat aytaylikmi? Yoki siz töğringizda kitob yozaylikmi, yoki siz töğringizda şe'r yozaylikmi «Ne'matoviçgayam insof bersin» deb? Axir bu prezident topşiriği-ku?
Sizga töğri xulosa çiqariş uçun bir hafta muddat beraman. Vaziyat özgarmasa, siz haqingizda prezidentga xulosa yozaman», deya ogohlantirgan bank rahbarini Abdulla Aripov.
Ma'lumot uçun, prezident qaroriga köra, endilikda Özbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bir oy muddatda Yozuvçilar uyuşmasi qoşidagi «Ijod» jamoat fondi hududiy bölimlarining moliyaviy manbalarini aniqlaşi belgilangan.
Fondning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilangan:
— özbek adabiyotini yanada rivojlantiriş, badiiy söz san'ati sohasidagi yutuqlarni keng tarğib etişga qaratilgan dastur va loyihalarni amalga oşiriş uçun mablağlar jamğariş va yönaltiriş;
— Özbekiston Yozuvçilar uyuşmasi a'zolarining samarali ijodiy faoliyatini ta'minlaş maqsadida ular uçun zarur maişiy, tibbiy xizmatlar körsatiş va boşqa şart-şaroitlar yaratiş;
— adabiyotimiz rivojiga munosib hissa köşgan keksa avlodga mansub Özbekiston Yozuvçilar uyuşmasi a'zolariga aniq yönaltirilgan moddiy yordam körsatiş;
— ijodiy körik-tanlovlarni taşkil etiş, iqtidorli yoş adiblarning Özbekiston Yozuvçilar uyuşmasi tomonidan tavsiya etiladigan ijod namunalarini, jumladan, birinçi kitoblarini naşr etiş uçun moliyaviy yordam körsatiş;
— xalqimizning qadimiy tarixi, boy madaniyati, asriy an'ana va qadriyatlari tarannum etilgan, milliy ma'naviyatimizning mazmun-mohiyati teran badiiy ifodasini topgan mumtoz va zamonaviy adabiyotimiz munosib namunalarining xorijiy tillarga tarjima qilinişini hamda Internetda keng tarğib etilişini moliyalaştiriş;
— Özbekiston Yozuvçilar uyuşmasining moddiy-texnik bazasini rivojlantiriş va mustahkamlaş, uning tasarrufidagi köçmas mulkni boşqariş, Fond mablağlaridan Fond nizomida belgilangan vazifalarni amalga oşirişda maqsadli va samarali foydalaniş.












