Bugun Quyosh botishi bilan kurrai zaminni barokatlarga to‘ldirib muborak oy, jumla musulmonlar intiqib kutgan Ramazoni sharif kirib keldi. Ma'lumki, o‘zbekistonliklar orasida shu oy boshlanishi, keyinchalik Iyd Ramazon bayrami kuni belgilanishi bilan bog‘liq turli fikrlar ko‘payadi. Ijtimoiy tarmoqlarda kimdir Saudiyada falon sanada boshlandi, desa, yana kimdir Iyd kuni 1 kunga farq qildi, degan so‘zlarni keltiradi. Achinarlisi, bu har yili Ramazon arafasida avjiga chiqadi. 

Xo‘sh, umuman yangi oy qanday tartibda aniqlanadi? Uni ilmiy va diniy yondashuv jihatidan qanday izohlash mumkin?

Biz ayni savol bilan dastlab O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Astronomiya instituti bo‘lim mudiri Sobit Ilyosovga murojaat qildik. Ilmiy mutaxassisning bildirishicha, 2018 yilgacha Ramazon oyining birinchi kuni ayrim davlatlarga qarab belgilangan. 

“Avvallari Ramazon oyini belgilashda qo‘shni yoki boshqa davlatlarga qaralardi. Bu yil, birinchi marta Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston Musulmonlari idorasi va Astronomiya instituti bilan hamkorlikda Ramazon oyining boshlanishi ilmiy asosda belgilandi. Yangi oyning boshlanishi uchun dastavval Oyni ko‘rish kerak.  

O‘zbekistonda Oyning tug‘ilishi Toshkent vaqti bilan 15 may soat 15-50ga to‘g‘ri keldi. O‘zbekiston sharoitida yangi oy tug‘ilganidan so‘ng, uni ko‘rish uchun kamida 29 soat vaqt o‘tishi kerak bo‘ladi. Mana bugun 29 soatdan ko‘proq vaqt o‘tdi hamda Quyosh botgandan so‘ng Oy ko‘rindi. 

Sobit Ilyosov

Oyning ko‘rinishi uchun esa, 3 shart talab etiladi. Bular: oy yoshi (bizda 29 soatlikdan oshdi), Quyoshning botishdagi balandligi va Quyosh hamda Oyning botish va ko‘rinishdagi daqiqalardagi farqi. Shu 3 shart bajarilsa, yangi oy boshlangan bo‘ladi. Shunga ko‘ra, Quyosh botishi bilan Ramazon oyi kirdi, deb bemalol ayta olamiz va 17 maydan saharlikka turish mumkin bo‘ladi”, - dedi Sobit Ilyosov.

Muqaddas Islom dini shariatida bu masalaga qanday izoh beriladi? Saodaat asrida ham shunday holatlar, ya'ni turli kunlarda ro‘za tutish holatlari bo‘lganmi?

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Nurimon Abul Hasan bu kabi savollarga oydinlik kiritdi.