Statistika ma'lumotlari shundan dalolat beradiki, respublika hududida har yili o‘rtacha 9-10 mingta yo‘l-transport hodisasi ro‘y beradi. Ularning 2 mingdan ortig‘i odamlar qurbon bo‘lishiga olib kelmoqda. Bu haqda 2018-2022 yillarda O‘zbekiston Respublikasida yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash konsepsiyasida aytiladi.
Qayd etilishicha, 2018-2022 yillarda O‘zbekiston Respublikasida yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash konsepsiyasini hayotga tatbiq etish orqali yo‘l harakatini tashkil qilish va ta'minlash sohasida davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish vazifasiga mutlaqo yangicha yondashuvlarni shakllantirish alohida ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu Kontseptsiya quyidagi asosiy yo‘nalishlarni o‘z ichiga olgan:
yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash sohasidagi normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish, shu jumladan Yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol buzganlik uchun javobgarlik choralarini yanada kuchaytirish;
yo‘l infratuzilmasini kompleks takomillashtirish, yo‘llar sifatini yaxshilash, transport vositalarining xavfsiz harakatlanishi uchun ishonchli sharoitlar yaratish;
yo‘l harakati ishtirokchilarining huquqiy madaniyati, zarur bilimlari va malakasini oshirish, intizomini mustahkamlash.
Yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash sohasida normativ-huquqiy bazani mustahkamlash
Jismoniy va yuridik shaxslarning avtotransport vositalarini videoregistratorlar bilan jihozlash, yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash sohasida qoidabuzarliklarning oldini olish maqsadida ularni qo‘llash bo‘yicha normativ tartibni belgilash tadbirlarini tashkil qilish.
Yo‘l harakati xavfsizligi davlat xizmati xodimlarining xizmat faoliyati natijalarini baholash mezonlarini ishlab chiqish va joriy qilish.
Yo‘l harakati qoidalarini qasddan buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish.
Belgilangan harakat tezligini oshirish, shuningdek, nosoz transport vositasidan foydalanish oqibatida sodir etiladigan yo‘l-transport hodisalarining oldini olish borasidagi chora-tadbirlarni takomillashtirish.
Piyodalarni Yo‘l harakati qoidalarini buzganligi uchun javobgarlikka tortishning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish.
Avtomobil yo‘llarida transport vositalarini to‘xtatish va maxsus tadbirlarni o‘tkazish tartibini takomillashtirish hamda buning uchun asoslar ro‘yxatini aniqlash.

















