Yaqinda internet tarmog‘ida “O‘zbekistonda vahshiy qimorbozlik turi, ya'ni, bo‘ribosar zotli itlarni urishtirish avj olmoqda”, - degan mavzuda katta shov-shuv ko‘tarilgan edi. Bu maqola hurmatli hayvonlarning himoyachilarga javoban bitilgan.

Ma'lumki, har bir jonivor zoti asrlar davomida yashaydigan mintaqaning iqlimiga, atrof muhitiga, oziqlanish manbalariga va boshqa bir qator shart-sharoitlariga moslashib shakllanadi. Moslashish qobiliyatlari nasldan naslga o‘tib genetik xossalariga aylanadi. Genetik xossalar jonivor zotining anatomik tuzilishini, tashqi ko‘rinishini, oziqlanish turini, yashash hududini (arealini), xulq-atvorini va boshqalarni belgilaydi. Agar yuqoridagi shart-sharoitlar uzoq muddat davomida o‘zgaradigan bo‘lsa, jonivorning genetik kodi falajlanib, zot o‘zgaradi yoki yo‘qoladi. Bu universal tamoyil o‘zbek bo‘ribosarlariga ham taalluqli.

O‘tgan o‘n yilliklarda bizning mamlakatimiz itboqarchiligida katta o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Azaldan mintaqaviy zotli itlarimiz yashash joylarida itlarning madaniy Yevropa va boshqa hududli zotlari paydo bo‘ldi. Tabiiy tanlov va milliy naslchilik uslublari bilan yaratilgan mahalliy o‘zbek bo‘ribosari zotlari, boshqa xorijiy mamlakatlardan keltirilgan itlar bilan chatishtirilib, asta-sekin buzila boshladi.

 Hozirgi vaziyat tahlili ko‘rsatmoqdaki, O‘zbekiston bo‘ribosari zoti achinarli ahvolga tushib qoldi: it klublarining bu yo‘nalishdagi faoliyati deyarli ko‘rinmaydi; yillar davomida mazkur zotning bazasi shakllanmagan edi – “qo‘shtirish” jarayoni (“vyazka”) professional darajada bajarilmagan. Natijada, itlarning ko‘pchiligi qo‘rqoq, bekordan bekorga vovullaydigan va zotga mutlaqo mos kelmaydigan bo‘lib qoladi.

 Darvoqe, Osiyo respublikalarida o‘zining dong‘i ketgan zot turlari mavjud, masalan: Qozog‘istonda - Tobet, Turkmanistonda - Alabay, Tojikistonda - Saxiy Dahmard, Qirg‘izistonda - qirg‘iz bo‘ribosari. Shular kabi, bizda ham o‘zimizning Bo‘ribosarimiz bor-ku axir! Nima uchun biz o‘zimizning ko‘p asrlik zotli nasl bilan faxrlana olmas ekanmiz?

Bugun biz O‘ZBeK BO‘RIBOSARI zoti genofondini saqlash zarurati o‘ta dolzarb masalaga aylandi degan xulosaga kelib, haqiqiy tarafdorlarining kuchi bilan "O‘ZBeK BO‘RIBOSARI" zotini saqlash Jamiyatini yaratdik, chunki ko‘p asrlik tarixiga ega bo‘lgan, mahalliy sharoitlarga ajoyib moslashgan itning yo‘qolib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik lozim deb topdik.

 "O‘ZBeK BO‘RIBOSARLARI" zotini saqlab qolish jamiyati 2018 yil 26 fevraldan beri faoliyat ko‘rsatmoqda. Hozirgi kunda jamiyat qaramog‘ida 300 boshdan ortiq it ro‘yxatga olingan. Ekspert-kinolog boshchiligida yaratilgan guruh Toshkent shahri, Toshkent viloyatining Olmaliq va Yangiyo‘l tumanlari, Samarqand hamda Farg‘ona viloyatlarida mavjud bo‘ribosarlarning hozirgi jonboshini o‘rganib chiqdi. O‘zbek bo‘ribosarining standarti ishlab chiqildi va tasdiqlandi.