2009-2012 yillarda Pep Gvardiola «Barselona»ni Yevropaning eng kuchli klubiga aylantirganda, esingizda bo‘lsa, «La Masiya» akademiyasi haqidagi maqolalar, ma'lumotlar ham ko‘payib ketgandi. Rostdanam, o‘sha tarkibda klubning juda ko‘p tarbiyalanuvchilari to‘p surishgan – Messi, Puyol, Inesta, Xavi, Valdes, Pike, Fabregas, Buskets, Pedro, Alkantara, Telo, Kuenka – hozir esimga kelganlaridan butun boshli, kuchli tarkib hosil qilish mumkin.

Hamma «La Masiya» tajribasini o‘rgana boshlagan – u yerda ta'lim juda qattiq ekan, intizomni birinchi o‘ringa qo‘yisharkan, juda kuchli murabbiylar ishlar ekan, ma'lum bir uslubga moslab yetishtirar ekanlar va hokazo. Balkim mana shunday ma'lumotlarni o‘qib turib, «Barselona» muxlislari yaqin ellik yilda ularni hech kim to‘xtata olmasligi va hatto yangi yangi Messilar har besh yilda «konveyer»dan chiqib turishiga ham ishongan bo‘lishlari mumkin.

Lekin yillar o‘tdi. Yuqorida sanalganlardan ikki futbolchi hamon «Barselona»da o‘ynamoqda. «La Masiya»ning keyingi bitiruvchilari esa, biri «Vulverhempton»da zaxirada tushib turibdi, yana biri «Uotford»da o‘ynaydi, yana Ispaniyaning turli jamoalarida o‘ynayotganlar bor, masalan, Sandro Ramires «Malaga» tarkibida sobiq klubiga gol urib, qattiq nishonlavorgani uchun muxlislar yomon ko‘rib qolishgan. Hozir u Sosedadda. Yana Ektor Bellerin, ko‘pchilik balki bilmas, ammo uning ham «La Masiya» tarixi bor.  

«Barselona» tarkibida esa, Jordi Alba «Valensiya»ga ketishdan oldin aynan «Barselona» akademiyasida shug‘ullangan, Serjio Roberto ba'zi ba'zida asosiy tarkibda ko‘rinadi, Rafinya jarohatlangan. Yana bir necha nafar ba'zi o‘yinlarda zaxiradan maydonga tushib turgan, kelajagi noma'lum yoshlar bor. Ya'ni, bugungi holat «La Masiya»ning aytaylik, boshqa klublar akademiyalaridan yaqqol ustunligini ko‘rsatmay qo‘ydi. «Barselona» esa, so‘nggi yillarda 100 milliondan qimmat futbolchilarni eng ko‘p sotib olgan jamoa bo‘lib turibdi. Hatto, tayyor yulduzlarni jalb qilishni xush ko‘radigan «Real» tarkibida muvaffaqiyatli tarbiyalanuvchilar ko‘proqdek.

Nima bo‘ldi, demak hammasi iqtidorlarning tug‘ilishiga bog‘liq ekan-da, yangi Inesta tug‘ilmasa, har qanday tizim ham yangi Inesta ishlab chiqara olmas ekanda?

Boshqa tomondan, o‘sha muvaffaqiyatli «Barselona» davridagi futbolchilar yoki masalan, «Fergi bolalari» bo‘lib 90-yillarda Yevropani zabt etgan «Manchester Yunayted» tarbiyalanuvchilarning biografiyasini o‘rgansangiz, ularning bu darajada yetishishiga tizimning ahamiyati katta ekanini ko‘ramiz. Aytaylik, «Barselona»dagi tizim Messining yetishib chiqishi, undan oldingi va keyingi tarbiyalanuvchilar bilan jips bo‘lib, ajoyib jamoaga aylanishlari uchun ideal mos edi. Aynan shu tizimdan chiqqan Pep Gvardiola Messining o‘sishi uchun Ronaldinodan voz kechadi, Busketsga ishonib, Van Bommel bilan xayrlashadi. Klub – murabbiy – futbolchilar o‘rtasidagi uyg‘unliksiz balki biz o‘sha «Barselona»ni ko‘rmasmidik...