O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.

Qonunda ko‘rsatilishicha, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqaruvchilar va qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini ishlab chiqaruvchilar o‘z vakolatlari doirasida quyidagi huquqlarga ega:

  • qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etish;
  • qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi soliq, bojxonaga oid hamda boshqa imtiyozlar va preferensiyalardan foydalanish;
  • lokal tarmoqni (elektr, issiqlik va (yoki) gaz tarmog‘ini) yaratish;
  • lokal tarmoq (elektr, issiqlik va (yoki) gaz tarmog‘i) orqali yetkazib beriladigan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan ishlab chiqariladigan elektr, issiqlik energiyasi va (yoki) biogazni realizatsiya qilish uchun yuridik va jismoniy shaxslar bilan shartnomalar tuzish.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqaruvchilar, qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini ishlab chiqaruvchilar, shuningdek qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasida investitsion, ilmiy-tadqiqot faoliyatini amalga oshiruvchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida davlat tomonidan quyidagicha qo‘llab-quvvatlash amalga oshiriladi:

  • qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasida soliq, bojxonaga oid hamda boshqa imtiyozlar va preferensiyalar belgilash;
  • qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasida innovatsion texnologiyalar yaratish va ularni qo‘llashga ko‘maklashish;
  • qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarining yagona elektr energetikasi tizimiga kafolatli ulanishini ta'minlash;
  • elektr energiyasining yagona xaridori va mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan kelishilgan holda hududiy elektr tarmoqlari korxonalariga qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqaruvchilardan elektr energiyasini xarid qilish uchun shartnomalar tuzish huquqini berish.

Foydalanilishi qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish samaradorligini salmoqli tarzda oshiradigan qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini import qilish chog‘ida yuridik va jismoniy shaxslarga soliqlar hamda bojxona bojlariga doir imtiyozlar berilishi mumkin.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqaruvchilar qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini (nominal quvvati 0,1 MVt va undan ortiq bo‘lgan) o‘rnatganlik uchun mol-mulk solig‘ini to‘lashdan hamda ushbu qurilmalar bilan band bo‘lgan uchastkalar bo‘yicha yer solig‘ini to‘lashdan ular foydalanishga topshirilgan paytdan e'tiboran o‘n yil muddatga ozod etiladi.