Kun.uz muxbiri Navoiy erkin iqtisodiy zonasi direktori Habib Abdullayev bilan suhbat uyushtirdi. Direktor ko‘p yillar davomida erkin iqtisodiy zonalarda ayrim to‘siqlar mavjud bo‘lgani va bu Navoiy EIZga investitsiya olib kirish uchun katta g‘ov bo‘lgani, hozirda bunday to‘siqlar olib tashlangani haqida aytib berdi.
Video: Mover (tas-ix)
Video: Youtube
— Erkin iqtisodiy zona tushunchasining ma'nosi qanday? EIZ o‘zida nimalarni mujassam etadi va ularning yutuq taraflari nimada?
— Erkin iqtisodiy zonalar deb, ba'zida maxsus erkin iqtisodiy zonalar deyiladi, belgilangan hududda alohida qoidalar, masalan, soliq, bojxona, ma'muriy imtiyozlar yuritilishiga aytiladi. Ma'nosi shundaki, hudud ichidagi kompaniya bir necha yutuqlariga ega. Tabiiyki, bu osongina bo‘ladigan ishlar emas. Albatta, biror maqsad bilan amalga oshiriladi. Maqsad mamlakatni rivojlantirishga qaratiladi. Bunda biror sohani rivojlanirishni ham ko‘zda tutishi mumkin. Bizning holatda esa gap butun kompleks haqida ketadi. Navoiy EIZda soliq bo‘yicha imtiyozlar, bojxona to‘lovlaridan ozod etish, soddalashtirilgan ma'muriy protseduralar, yengillashtirilgan immigratsiya masalalari nazarda tutilgan.
— Hozirgi kunda Navoiy EIZda qanday korxonalar faoliyat yuritmoqda?

— Navoiy erkin iqtisodiy zonasi universal tarzda bo‘lib, har qanday yo‘nalishda korxonalar faoliyat yuritishi mumkin. Asosan yuqori texnologiyali, innovatsion, import o‘rnini bosuvchi, eksportga mo‘ljallangan loyihalar ustuvor hisoblanadi. Albatta, hududga kirayotgan korxona ham bir mantiqqa asoslanadi. Bizning hududda asosan qazib chiqarish, mineral resurslarni qayta ishlash ishlari olib boruvchi korxonalar faoliyat yuritadi. Navoiy resursga boy viloyat hisoblanadi. Bu resurslarni yer qa'ridan qazib chiqarish uchun yuqori texnologiyali ishlab chiqarish zarur. Maqsad xomashyoni emas, uni ishlab chiqarish bo‘ladi. Yuqori aytganimdek, yuqori texnologiyali, innovatsion, import o‘rnini bosuvchi, eksportga mo‘ljallangan mahsulotlar bo‘lishi lozim. Oddiy misol, qurilish materiallarini olaylik. Turli-tuman xomashyoni talab qiladi, mahsulot assortimenti ham juda keng. Qurilish ishlaridagi «portlash» faqatgina bizda emas, boshqa O‘rta Osiyo va Yaqin Sharq davlatlarida ham ketmoqda. Rossiya ham bir katta bozor. Mahsulotlarimizdan marmarni misol qilsak, bizda juda sifatli marmar qazib olinadi. Bizning marmar dunyo miqyosida o‘z o‘rniga ega. Buni qazib olish, unga ishlov berish, tayyor mahsulot holiga keltirish - hammasi yaxlit bir jarayon. Bu ishlab chiqarish uchun esa investitsiya juda zarur. Qimmatbaho uskunalar, mutaxassislar zarur. Hozircha bu masalalarda muammolar bor. Lekin salohiyat juda yuqori. Aynan marmar masalasida bizga xorijlik hamkorlar zarur. Bu bo‘yicha davlat tomonidan imtiyozlar ajratilgan.

















