Koreya safarida bo‘lib qaytgan Kun.uz muxbiri sayt o‘quvchilarini bu yurtda ishlayotgan o‘zbeklar, ularning yashash sharoiti, muhojirlikdagi qiyinchiliklar va boshqa ma'lumotlar bilan tanishtirib bormoqda.
Navbatdagi maqolamiz Koreyaning Busan viloyati Kimhe shahrida faoliyat yuritayotgan o‘zbek tadbirkori Alisher Murodqulov haqida.
Alisher aka deyarli 20 yildan beri Koreya respublikasida ishlab kelmoqda. Bu yurtga oddiy turist sifatida borgan Alisher Murodqulov u yerdagi muhitni ko‘rgach, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishni maqsad qiladi.

Tadbirkor avvaliga mashina butlovchi qismlari oldi-sotdisi va mahsulot yetkazib berish bilan shug‘ullangan. Mustaqillikdan so‘ng, O‘zbekiston va Koreya o‘rtasida ijtimoiy va iqtisodiy kelishuvlar soni ortgach, yildan yilga Koreyadagi o‘zbeklar soni ham ko‘payadi. Alisher Murodqulov esa o‘zimizda keng iste'mol qilinadigan, Koreyada topilishi qiyin bo‘lgan mahsulotlar sotiladigan do‘konlar va o‘zbek restoranlari biznesiga kirishadi.
Suhbat mamlakatimiz qaysi sohalarda koreyaliklardan ijobiy taraflarni olishi mumkinligi, tadbirkorlik sohasidagi rejalari, O‘zbekistonda bo‘layotgan islohotlarga munosabati va boshqalar to‘g‘risida kechdi.
«Mening asosiy biznesim shu yerda. Farzandlarim ham shu yerda tug‘ilishgan va shu yerda ulg‘ayishmoqda. Menga Koreyada ma'qul kelgan afzalliklardan biri ta'lim tizimi juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan.
Sodda qilib aytsam, tug‘ilgan farzand maktabgacha bo‘lgan davrda (7 yoshgacha) ikki bosqichda tarbiyalanadi. Birinchi bosqichda 10 oylikdan boshlab 5 yoshgacha davrda bolaga faqat tarbiya beriladi. Ya'ni, insoniylikdan kelib chiqib nima qilish mumkin va nima qilish mumkin emas, barchasi o‘rgatiladi. 5 yoshdan boshlab 7 yoshgacha esa fundamental bilim olishni boshlaydi. Koreys alifbosi, raqamlar, qo‘shish-ayirish va boshqalar o‘qitiladi.

Ko‘pchilikka ma'lum, Koreya atrofi dengiz bilan o‘ralgan, namgarchilik yuqori va tez-tez yog‘ingarchilik bo‘lib turadigan mamlakat hisoblanadi. Bu mamlakatda suv to‘planishi oldini oladigan kanalizatsiya tizimi ham juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Bu jihatdan ham ulardan katta tajriba olish mumkin.











