Bugun, 2 iyul kuni O‘zbekiston Milliy aviakompaniyasining beshinchi yuqori texnologik Boeing 787-8 Dreamliner yo‘lovchi samolyoti ishlab chiqaruvchi zavodidan Toshkentga keltirildi. Bu haqda Milliy aviakompaniya tomonidan OAV xodimlari uchun tashkil qilingan yangi havo layneri bilan tanishuv tadbirida ishtirok etgan Kun.uz muxbiri xabar berdi.




Mazkur avialayner avvalgilari kabi raqobatbardoshlik va parvozlar xavfsizligini ta'minlash maqsadida MAK aviaparkini zamonaviy aviatsiya texnikalari bilan yangilash va kengaytirish maqsadidagi investitsion loyiha doirasida xarid qilindi.


Samolyot o‘zidan avvalgi avlod laynerlaridan ko‘ra bir qancha qulayliklarga ega. Unga, jumladan, yonilg‘i sarflash samaradorligini oshirish, shovqin darajasini pasaytirish va atmosferaga karbonat angidrid gazining ajralib chiqishini kamaytirish imkonini beruvchi dvigatellar o‘rnatilgan. Shuningdek, yangi layner parvoz vaqtida keng miqyosdagi internetga ulanish uchun sun'iy yo‘ldosh stansiyasiga ega bo‘lgan aviakompaniyaning to‘rtinchi samolyotidir.


«U Toshkentga olib kelinishidan avval “Boeing” kompaniyasining Everett shahridagi aerodromida parvoz va yer usti sinovlaridan o‘tkazildi. Shuningdek, uchuv va texnik xodimlaridan iborat MAK mutaxassislari guruhi ishtirokida avialaynerning barcha mexanizmlari tekshirilib, zaruriy tadbirlar amalga oshirildi», deydi aviakompaniya matbuot xizmati rahbari Feruza Kurbanova.

















