Vazirlar Mahkamasi “G‘ijduvon” erkin iqtisodiy zonasi hududini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Qaror bilan Buxoro viloyati hokimligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasining Buxoro viloyati Kogon shahri va Kogon tumanidan 200 gektar qishloq xo‘jaligida foydalanilmayotgan bo‘sh turgan yer uchastkalarini ajratish hisobiga “G‘ijduvon” erkin iqtisodiy zonasi hududini kengaytirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.
Hujjatda belgilanishicha, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirliklari, Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “O‘ztransgaz” AJ, “G‘ijduvon” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi bilan birgalikda Kogon shahri va Kogon tumani hududini, shuningdek, “G‘ijduvon” erkin iqtisodiy zonasi ishtirokchilarining ishlab chiqarish maydonlarini tashqi yo‘l-transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan kafolatli ta'minlaydi.
Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Moliya, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirliklari, Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “O‘ztransgaz” AJ, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ, Buxoro viloyati hokimligi bilan birgalikda:
ikki oy muddatda “G‘ijduvon” erkin iqtisodiy zonasining Kogon shahri va Kogon tumani hududida transport, ishlab chiqarish va muhandislik- kommunikatsiya infratuzilmasini jadal rivojlantirish dasturini ishlab chiqadi va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda har yili O‘zbekiston Respublikasining Investitsiya dasturining parametrlarini shakllantirishda “G‘ijduvon” erkin iqtisodiy zonasining tasdiqlangan bosh rejasi asosida transport, ishlab chiqarish va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish hamda “G‘ijduvon” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi ma'muriy binosini qurish uchun kapital qo‘yilmalar limitlarini hamda zarur markazlashtirilgan investitsiyalar ajratilishini nazarda tutadi.
“G‘ijduvon” erkin iqtisodiy zonasining bosh rejasini ishlab chiqish bo‘yicha:
Buxoro viloyati hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” IK” DUK - buyurtmachi etib;
tanlov asosida aniqlangan loyiha tashkiloti — bosh loyiha tashkiloti
etib;
Buxoro viloyatining mahalliy budjeti mablag‘lari, shuningdek, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar - moliyalashtirish manbalari etib belgilandi.














