Toshkent vaqti bilan 3 sentabr kuni soat 3:00da Yevropa chempionatlarida yozgi transferlar darichasi yopildi. Dastlab, 2 sentabr kuni soat 21:00da Bundesligada transferlarni amalga oshirish to‘xtadi, Italiyada yangi transferlarni rasmiylashtirish 3 sentyabrga o‘tar kechasi soat 1:00gacha davom etdi, Rossiyada soat 2:00da, Ispaniya va Fransiyada esa soat 3:00da transferlar oynasi yopildi. Quyida so‘nggi kunda amalga oshirilgan asosiy transferlarni keltirib o‘tamiz.
Xaver Ernandes, «Vest Hem» — «Sevilya»

«Vest Hem»da ikki yil o‘tkazgan Chicharito kutilmaganda nisbatan kuchliroq jamoa a'zosiga aylandi. Meksikalik hujumchi «Sevilya» bilan shartnoma imzoladi. Goal.com nashri ma'lumotiga ko‘ra, ispanlar forvard uchun 8 million yevro to‘lashgan. O‘tgan mavsumda Ernandes APLning 25 o‘yinida maydonga tushib, atigi 7 gol urgandi, shu tufayli u «Sevilya»ga nega kerak bo‘lib qolgani tushunarsiz. Katta ehtimol bilan, 31 yoshli futbolchidan ispanlar klubi rotatsiyalarda foydalanishadi. Ernandes ko‘p marta zaxiradan tushib, o‘zining qanday xavfli futbolchi ekanini ko‘rsatgan.
Genrix Mxitaryan, «Arsenal» — «Roma»

«Arsenal»da zaxira futbolchisiga aylanib qolgan armanistonlik yarimhimoyachi faoliyatini qayta tiklash imkoniyatiga ega bo‘ldi. «Roma» Genrix Mxitaryanni 3 million yevro evaziga keyinchalik 15 million yevroga sotib olish huquqi bilan bir mavsum uchun ijaraga oldi. Shuningdek, agar futbolchi Rimda o‘zini yaxshi tomondan ko‘rsata olsa, «to‘pchilar» 100 ming yevro miqdorida bonus olishi mumkin. Italiyaga ko‘chib o‘tish Genrixning foydasiga ishlashi aniq. «Roma»da u yetarli o‘yin amaliyotiga ega bo‘ladi, Yevropaning eng yaxshi chempionatlaridan birida to‘p suradi.
Yevgeniy Konoplyanka, «Shalke» — «Shaxtyor»

Xorijda 4 yil sargardon bo‘lgan 29 yoshli ukrainalik vinger vatanga qaytdi. Konoplyanka Donetskning «Shaxtyor» klubi bilan uch yillik shartnoma tuzdi.
«Shaxtyor» boshqa klublarga qaraganda jiddiyroq qiziqdi. Bu men uchun yoqimli, men ishonchni oqlashga harakat qilaman. Bu jamoa oilasida bo‘lishdan baxtiyorman. Men Ukrainaga qaytganimdan xursandman. Bu mening uyim», — deya qayd etdi Yevgeniy yangi klub safiga o‘tgach.





















