Makkada “xudkush” hodisasi

Makkadagi voqea 1-oktabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda tez tarqalgan video va undagi daʼvolardan boshlandi. Anadolu agentligining yozishicha, ushbu postlarda portlovchi kamar taqqan gumondor Masjidul Harom markazidagi Kaʼbaga yaqinlashgani va xavfsizlik xodimlari uni qoʻlga olgani aytilgan. Ayrim sahifalar esa “Masjidul Haromda xudkush hujumning oldi olindi“, deb yozgan.

Bunga javoban Saudiya Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jamoat xavfsizligi boshqarmasi qisqa bayonot va video eʼlon qildi. Unda “muqaddas poytaxtdagi xavfsizlik idoralari oʻtkinchilarni bezovta qilgan va ular orasida qoʻrquv hamda vahima tarqatgan shaxsni qoʻlga oldi, oʻsha zahoti choralar koʻrildi“, deyiladi. Saudiya rasmiylariga koʻra, uning ishi prokuraturaga oshirilgan.

Boshqarma bayonotida, shuningdek, “voqea yuzasidan tarqatilayotgan daʼvolarda hech qanday haqiqat yoʻq”, deya taʼkidlangan va odamlar maʼlumotni faqat rasmiy manbalardan olishga chaqirilgan.

Rasmiy bayonotda bir qancha masalalarga izoh berilmagan. Xususan, qoʻlga olingan shaxsning kimligi va fuqaroligi ochiqlanmagan. Bundan tashqari, voqea aynan Masjidul Harom ichida yoki shaharning boshqa qismida sodir boʻlgani ham aniq koʻrsatilmagan. Rasmiy bayonotda faqat “muqaddas poytaxt“, yaʼni Makka shahri tilga olingan. Shuningdek, rasmiylar bu hibsni husiylar yoki boshqa biror guruh bilan bogʻlamagan.

RT Arabic telekanalining yozishicha, ijtimoiy tarmoqlarda “xudkush” videosi sifatida tarqatilgan lavha feyk – u boshqa, 2017-yilgi voqeaga tegishli.

Madinada esa dron hujumi

1-oktabr kuni Madinadagi voqea haqida rasmiy ayblov eʼlon qilindi. Saudiya boshchiligidagi koalitsiya rasmiy vakili general-mayor Turki al-Malikiy husiylar Madinadagi “Toyba“ elektr taqsimlash stansiyasiga dron bilan hujum qilganini maʼlum qildi.