Termitlar – chumoliga o‘xshash mayda, yashirin hayot kechiruvchi, ko‘zga ko‘rinmas, zararkunanda hasharotlar, yog‘och materiallar, kitoblar, qog‘ozlarning kushandasi, dunyo iqtisodiyotiga har yili milliardlab dollar zarar yetkazuvchi ko‘rinmas armiya. Insoniyat termitlar bilan uzoq yillardan beri kurashib kelmoqda. Biroq, tashabbus goh u tarafga, goh bu tarafga o‘tsa-da, bu jangning yakuni ko‘rinmayapti. Termitlar O‘zbekistonda ham bor va bugungi maqolamizda ular bilan bog‘liq muammoni bayon qilamiz.
Xorazm viloyati, Shovot tumani markazidagi «Istiqbol» mahallasi aholisi termitlardan aziyat chekayotgani haqida Kun.uz tahririyatiga shikoyat qilishdi.
Mahalla hududiga yaqin bo‘lgan «Arab bobo» qabristonidan ko‘chib o‘tayotgan zararli hasharotlar 10 yildan buyon uy-joylarga, qurilmalarga zarar yetkazmoqda. Odamlar imkon darajasida ularga qarshi kurashib kelmoqda va bu borada mahalliy hokimiyatdan yordam kutmoqda.

Termitlar yoki «oq chumolilar» yog‘och tarkibida bo‘lgan sellyuloza bilan oziqlanuvchi, yer ostida, uylarning devorlari ichida yashirin hayot kechiruvchi hasharotlardir. Ular binolardagi yog‘och ustunlar va to‘sinlarni ichidan yeb bitiradi. Shu tufayli ular tashqaridan go‘yo zararlanmagandek ko‘rinadi, ammo ichidan g‘ovak holatga kelib qoladi. Bu esa tomlar qulab tushishiga, pollar o‘pirilib ketishiga olib keladi. Termitlar har qanday uy yoki qurilmani yaroqsiz holatga keltirishga, vayronaga aylantirib qo‘yishga qodir. Ular ochiq havoga chiqmaydi, loy va tezagidan uy, yo‘lak qurib olib, uning ichida yashaydi va harakatlanadi. Termitlar shunisi bilan xavflidir. Yashirin tarzdagi hayot ularning o‘z vaqtida aniqlanishiga to‘sqinlik qiladi.
«Istiqbol» mahallasi aholisi 2009 yildan boshlab termitlar bilan bog‘liq muammoga duch kelganini va buni suv tanqisligi bilan bog‘liq ekanini aytmoqda. Mahalla hududiga suv yetkazib beradigan ariq bir necha fermer xo‘jaliklari hududidan o‘tadi. Tabiiyki, mahalla aholisi tomorqa yerlarini fermerlardan suv ortib qolgan paytda sug‘oradi. 2009 yilda yuz bergan qurg‘oqchilik natijasida mahalladagi tomorqalar sug‘orilmay qolgan va tuproq namligi kamaygan. Mahallaga juda yaqin bo‘lgan «Arab bobo» qabristonidagi yog‘och materiallarni yeb bitirgan termitlar esa bundan foydalanib, yer ostidan yaqin atrofdagi uylarga ko‘chib o‘tgan.

Termitlardan eng ko‘p zararlangan uy O‘ktam Bobojonov oilasiga tegishli. 2013 yilda termitlar uyning uchta xonasi shiftidagi va polidagi yog‘ochlarini yeb bitirgan. Shundan so‘ng, avariya holatiga kelib qolgan uyning bir qismidagi yog‘och ustunlar, to‘sinlar, pollar olib tashlangan va yoqib yuborilgan. Shovot tumani hokimligi oilaga yangi uy qurishda yordamlashish maqsadida, ba'zi qurilish materiallarini yetkazib bergan bo‘lsa-da, hozircha Bobojonovlar oilasi avariya holatidagi uyda yashab kelmoqda.

















