Oliy Majlis Senatida 2-oktabr kuni boʻlib oʻtgan yalpi majlisda «Bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida»gi qonuni koʻrib chiqildi va maʼqullandi.

Qonun toʻgʻrisidagi maʼruza uchun soʻzga chiqqan senator Abdulhakim Eshmurodovning maʼlumotiga koʻra, JK 118-moddasi 4-qismi (14 yoshga toʻlmagan shaxsning nomusiga tegish) boʻyicha 2022-yilda 85 ta, 2023-yilda 108 ta, 2024-yilda 129 ta, 2025-yilda esa 123 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

119-modda 4-qismi (14 yoshga toʻlmagani aybdorga ayon boʻlgan shaxsga nisbatan jinsiy ehtiyojni zoʻrlik ishlatib gʻayritabiiy usulda qondirish) boʻyicha esa 2022-yilda 144 ta, 2023-yilda 163 ta, 2024-yilda 170 ta va 2025-yilda 116 ta jinoyat ishi qayd etilgan.

Shuningdek, voyaga yetmaganlarga nisbatan shahvoniy shilqimlik boʻyicha murojaatlar soni 2023-yildagi 56 tadan 2025-yilda 141 taga oshgan.

«Mamlakatimizda bolalarning huquq va erkinliklarini taʼminlash, ularni tazyiq va zoʻravonlikdan muhofaza qilish davlat siyosatining eng ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Ammo amaliyot tahlili voyaga yetmaganlarga nisbatan sodir etilayotgan jinsiy va jismoniy zoʻravonlik holatlariga qarshi jazo muqarrarligini taʼminlash hamda protsessual himoya mexanizmlarini yanada kuchaytirishni taqozo etmoqda», – deyiladi Senat matbuot xizmati xabarida.

Senatorlar ushbu qonun jamiyatda bolalarga nisbatan zoʻravonlikning har qanday koʻrinishiga chek qoʻyishga, sodir etilgan qilmish uchun jazoning muqarrarligini taʼminlashga hamda har bir bolaning xavfsiz va adolatli muhitda kamol topishiga xizmat qilishini alohida qayd etdi.

Endi hujjat kuchga kirishi uchun uni prezident imzolashi kerak boʻladi.

25 yilgacha yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish

Qonun bilan 14 yoshga toʻlmagan shaxsning nomusiga tekkanlik hamda unga nisbatan jinsiy ehtiyojni zoʻrlik ishlatib gʻayritabiiy usulda qondirganlik uchun uzoq muddatli 25 yilgacha yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi joriy etilmoqda.

Shuningdek, bolalarning jinsiy daxlsizligiga qarshi sodir etilgan oʻta ogʻir jinoyatlar boʻyicha javobgarlikka tortish va hukmni ijro etish muddatlari oʻtib ketgani qoʻllanmaydi.