Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik tarqalishiga qarshi kurashish samaradorligini oshirish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.
Qayd etilishicha, respublikada OIV infeksiyasi tarqalishini oldini olish borasida o‘tgan yillar davomida qator ishlar amalga oshirildi. 25.01.2018 yilda O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik tarqalishiga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3493-sonli qarori, 22.06.2018 yilda “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik tarqalishiga qarshi kurashish va shifoxona ichki infeksiyalarini profilaktika qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” PQ-3800-sonli qarori tasdiqlandi.
OIV infeksiyasi bo‘yicha epidemik vaziyatning barqarorlashuvi va OIV infeksiyali shaxslarga tibbiy-ijtimoiy yordamning ta'minlanishi yaxshilanib borilishiga qaramasdan, 2030 yilga borib OIV infeksiyasi epidemiyasiga barham berishga erishish uchun “90-90-90” tamoyiliga muvofiq tadbirlarni amalga oshirish dolzarb masalalardan biri bo‘lib, o‘z yechimini kutmoqda.
Xususan, OITSga qarshi kurash markazlarining tuman darajasida tuzilmasi mavjud emas. Bu holat OIV infeksiyasi tarqalishini oldini olish va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlarni to‘liq amalga oshirish va muvofiqlashtirish imkonini bermaydi. Bu o‘z navbatida qishloq (mahalla) aholisiga zaruriy xizmatlarni ko‘rsatilishini qiyinlashtirmoqda. Shu tufayli, tumanlararo OIV diagnostik laboratoriyalari qoshida epidemiolog va yuqumli kasalliklar shifokoridan tarkib topgan OITSga qarshi kurash markazlarining tuman filiallarini tashkil etish ehtiyoji mavjud.
OITSga qarshi kurash markazi laboratoriyalari Xalqaro akkreditatsiyadan o‘tmagan. Milliy akkreditatsiyadan o‘tishni belgilovchi me'yoriy hujjat qabul qilinmagan. Laboratoriyalarda har yili o‘lchov asbob-uskunalarini Davlat standartlash markazida metrologik ko‘rikdan o‘tkazish zarurati mavjud bo‘lib, viloyatlarda bunday ko‘riklarni tashkil etish uchun imkoniyatlar yaratilmagan. 19 ta tumanlararo laboratoriyalar kapital ta'mirlashga muhtoj.
OITSga qarshi kurash markazlari xizmatida bo‘lgan avtotransportlarning aksariyati 1993 yilda va 2004-2008 yillarida (84,2%) ishlab chiqarilgan va texnik ekspluatatsiya talablariga javob bermaydi. Mavjud avtotransportlarni yangisiga almashtirish va OITSga qarshi kurash markazlari uchun maxsus transportlarni xarid qilish orqali avtoparkni to‘liq jihozlash talab etiladi.







