O‘zbekiston | 16:40 / 27.10.2019
65029
11 daqiqa o‘qiladi

Turkiyaning Suriyada yon berishi, yakuniga yetgan «Turkuaz ishi», Zoyir Mirzayevning «qaytishi» va haftaning boshqa xabarlari

Yakunlanayotgan hafta ham barcha haftalarda bo‘lganidek muhim jarayonlarga boy bo‘ldi, jahonning turli nuqtalarida ham, O‘zbekistonda ham e'tiborga molik voqealar bo‘lib o‘tdi. Kun.uz o‘tgan haftaning eng asosiy va diqqat markazida turgan mavzulari bo‘yicha haftalik dayjestni taqdim etadi.

O‘zbek tili bayrami

21 oktabr kuni yangi barpo etilgan muhtasham «Kongress-holl» saroyida o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 30 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.

Prezident «O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» farmonni imzoladi. Unga binoan 21 oktabr sanasi yurtimizda «O‘zbek tili bayrami kuni» deb belgilandi. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi huzurida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil qilinishi belgilab qo‘yildi. Farmona binoan lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini to‘liq joriy etish borasidagi ishlar jadallashtiriladi.

«Turkuaz» ishi

2019 yil 4 oktabr kuni Investitsion nizolarni hal qilish xalqaro markazi ICSID «GUNESH TEKSTIL» korxonasi va O‘zbekiston hukumati  o‘rtasidagi nizoga yakun yasadi. Xalqaro markaz qaroriga muvofiq, mulkiy huquqlar buzilgani sababli O‘zbekistonda 2004-2011 yillarda savdo faoliyati bilan shug‘ullangan bir guruh turkiyalik investorlarga 40 million AQSh dollari miqdorida kompensatsiya to‘lanadigan bo‘ldi.

Investorlardan biri Vohid Gunesh 2012 yil aprelida O‘zbekiston hukumati tomonidan musodara qilingan mulklarini qaytarib olib berishini so‘rab, xalqaro arbitraj sudiga murojaat qilgan, u o‘ziga nisbatan qiynoqlar qo‘llanganini iddao qilib, 200 million dollar atrofida kompensatsiya talab qilgandi.

Ekspert Alisher Umirdinov shu va boshqa nizoli vaziyatlarni tahlil qilib, bu holatlardan qanday xulosa qilish va bundan keyin qanday xatolarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha tavsiyalarini berdi.

Yangiyo‘ldagi shov-shuvli audio va uning ortidan iste'fo

Foto: Toshkent viloyati IIBB Matbuot xizmati

22 oktabr kuni o‘zini Yangiyo‘l tuman YHXB boshlig‘ining o‘rinbosari deb tanishtirgan shaxsning haqoratga to‘la audioxabari Telegram'da tarqalib ketdi. 

23 oktabr kuni haydovchilar tuman prokuraturasiga ariza bilan murojaat qilib, audioda ularni kamsitgan shaxsga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan. Shu kuni kechqurun yuzga yaqin taksichi tuman YHXB binosi oldida to‘planib, boshliq o‘rinbosaridan izoh talab qildi.

Avvaliga audioyozuvdagi ovoz o‘ziniki emasligi aytgan YHXB katta inspektori Usmon Zamonov IIBB tekshiruvlari natijasida aybini tan oldi va ishdan bo‘shatildi. Prokuratura holatga huquqiy baho berish maqsadida tergovga qadar surishtiruv harakatlarini olib bormoqda.

Hafta rokirovkalari

Qashqadaryo viloyatiga 2013 yil sentyabridan beri hokimlik qilib kelgan Zafar Ro‘ziyev ishdan olindi. 2018 yil kuzidan buyon Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumaniga hokimlik qilib kelgan Zoir Mirzayev Qashqadaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. 

26 oktabr kuni Qarshida viloyat faollari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi va unda viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyev, viloyat prokurori Botir Yusupov, viloyat IIB boshlig‘i Dilshod Tursunboyev va viloyat soliq idorasi rahbari Ravshan Nasimov ishdan olingani e'lon qilindi. Shu kunning o‘zida Zafar Ro‘ziyev Jizzax viloyatining Zarbdor tumaniga hokim etib tayinlandi, Qashqadaryo viloyatining yangi rahbariyati ham shu kunning o‘zida tanishtirildi.

Qashqadaryoning yangi «to‘rtligi»

Zoir Mirzayev - viloyat hokimi;
Erkaboy Tojiyev - viloyat prokurori;
Shuhrat Sotiboldiyev - Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i;
Azamat Bozorov - Viloyat Davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i.

Bundan tashqari, Qarshi shahri hokimi Jamshid Fozilov, Chiroqchi tumani hokimi Rustam Jo‘raqobilov, Mirishkor tumani hokimi Ravshan Komilov mas'uliyatsizligi sabab, Kitob tumani hokimi Rustam Sa'dullayev esa sog‘lig‘i yomonlashgani bois o‘z arizasiga ko‘ra lavozimidan ozod etilgan. 

Shuningdek, viloyat hokimi birinchi o‘rinbosari sifatida ishlagan Xurram Jo‘rayev va viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Baxtiyor Rajabov ishdan olindi.

Kasbi tumani hokimi Normo‘min Xolboyev endi Qarshi shahriga rahbarlik qiladi. Xurram Jo‘rayev va Baxtiyor Rajabov mos ravishda Chiroqchi  va Mirishkor tumanlariga hokim etib tayinlandi.

Shu vaqtgacha O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligida mas'ul xodim sifatida ishlab kelgan To‘xtamurod Mengliyev Kasbi tumaniga, «Mikrokreditbank»ning Qashqadaryo filialiga rahbarlik qilgan Alisher Zokirov esa Kitob tumaniga hokim etib tayinlangan.

Qashqadaryodagi o‘zgarishlar Surxondaryo va Jizzax viloyatlariga ham ta'sir qildi.

Surxondaryo viloyati IIB rahbari Shuhrat Sotiboldiyev Qashqadaryo IIB rahbarligiga o‘tkazilgach, uning o‘rnini IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan Abduvohid Ismoilov egalladi.

Zoir Mirzayev Qashqadaryoga ketishi munosabati bilan uning Sharof Rashidov tumani rahbarligida bo‘sh qolgan o‘rnini Jizzax viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lib ishlab kelgan Mahmud Xolbo‘tayev egalladi.

Zafar Ro‘ziyev Zarbdor tumaniga hokim etib tayinlandi, 2018 yildan buyon ushbu tumanga rahbarlik qilib kelgan, Sirdaryo viloyatining sobiq hokimi Oybek Ashurmatov Mahmud Xolbo‘tayev o‘rniga Jizzax viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi.

Suriya bo‘yicha kelishuv

Foto: Mixail Metsel/TASS

23 oktabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Sochidagi muzokaralar yakunida Suriya shimolidagi vaziyat bo‘yicha kelishuvga erishdi va Turkiya Suriyadagi harbiy amaliyotini to‘xtatdi. 

  • Turkiyalik harbiylar 9 oktabr kunidan buyon «Tinchlik bulog‘i» amaliyoti davomida egallangan hududlar ustidan noma'lum vaqtga qadar nazoratni saqlab qoladi (kelishuvda bu «status-kvo saqlanishi» deb atalgan).
  • Chegaradagi boshqa barcha hududlar suriyalik chegarachilar va Rossiya harbiy politsiya tomonidan egallanadi. Turkiya armiyasi bu hududga kirishi mumkin emas, ammo turkiyalik harbiylar chegaradan 10 km ichkarigacha bo‘lgan hududda Rossiya bilan hamkorlikdagi patrul ishlarida qatnashish huquqiga ega bo‘ladi.
  • Erdo‘g‘an terrorchilar deb atagan kurd harbiy bo‘linmalari bir hafta mobaynida chegara hududini tark etishi kerak bo‘ladi. Kelishuvda ularning taqdiri haqida hech narsa aytilmagan, ammo tomonlar «barcha shakllarda terrorizm bilan kurashishi» qayd etilgan.
  • Hujjatda kurd muxtoriyati ham tilga olinmagan: Suriyaning siyosiy tuzilmasiga oid barcha masalalar keyinroq Rossiya, Turkiya va Eron ishtirokidagi konstitutsion qo‘mitada ko‘rib chiqiladi va hal qilinadi.
  • Turkiyadan suriyalik qochqinlar kurdlar yerlariga ko‘chirilishi haqida ham hech narsa aytilmagan: faqat tomonlar qochqinlar Suriyaga «xavfsiz va o‘z ixtiyori bilan qaytishi» choralari ko‘rilishiga kelishib olingan.

Butun dunyoda namoyishlar: Korrupsiya, notenglik, ozodlik va iqlim

Oktabr oyida buyon Iroq, Ispaniya, Livan, Chili, Boliviya, Gvineya, Haiti va Ekvadorda yuz minglab kishilar norozilik namoyishlariga chiqishdi, Hongkongdagi namoyishlar esa bahordan buyon tingani yo‘q. Bundan tashqari, avvalroq Misr, Jazoir, Honduras, Nikaragua, Malavi, Rossiya, Sudan, Zimbabve, Fransiya, Ispaniya va Buyuk Britaniyada norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tgandi.

BMTning inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi butun dunyoda norozilik harakatlari o‘sganligini qayd etmoqda. 

Bu davlatlardagi namoyishchilarni ko‘p hollarda yuqori tabaqaga nisbatan nafrat birlashtirmoqda, namoyishchilar ularni adolatsizlik bilan boyishda va korrupsiyada ayblashmoqda.

Livanni so‘nggi 15 yildagi eng yirik namoyishlar qamrab olishiga hukumat tomonidan WhatsApp va boshqa messenjerlardan foydalanganlik uchun to‘lovlar va soliqlarni oshirish sabab bo‘lgan bo‘lsa, Chilidagi namoyishlar jamoat transporti uchun chipta narxi oshirilishi ortidan boshlandi.

Ekvadorda esa hukumatning yoqilg‘i uchun subsidiyalarni bekor qilishi va benzin narxi ortishi tufayli odamlar ko‘chalarga chiqdi. 

Iroqda korrupsiya, ishsizlik va hukumatdagi lavozimlar xizmatlar uchun emas, qaysi diniy guruhga mansubligiga qarab taqsimlanishiga qarshi namoyishlar tufayli kamida 157 kishi halok bo‘ldi va mingdan ortiq kishi jarohatlandi.

Sentabr oyida Misrda ham o‘z vaqtida harbiy to‘ntarish bilan hokimiyat tepasiga kelgan Abdufattoh as-Sisiy hukumatiga qarshi namoyishlar boshlangandi.

Hongkongda esa hukumat parlamentga jinoyat sodir etgan fuqarolarni Xitoyga ekstraditsiya qilish bo‘yicha qonun loyihasini kiritgach, norozilik namoyishlari to‘lqini boshlangan va hukumat chekinib, loyihani qaytarib olgan bo‘lsada namoyishlar hamon davom etmoqda. Endi namoyishchilar saylov huquqlari kengayishini, namoyishchilarga nisbatan amnistiya qo‘llanishini va politsiyachilarning zo‘ravonliklari bo‘yicha tekshiruvlar o‘tkazishni talab qilishmoqda.

Hongkongliklarning taktikasidan Barselonada ham foydalanishmoqda. Kataloniya mustaqilligini talab qilib mitinglar boshlagan namoyishchilar bu yerda ham aeroportlarni qamal qilishdi.

Oktabr oyida dunyoning 60dan ortiq shahrida ekofaollar namoyishlari o‘tkazildi - ular orasida London, Parij, Berlin, Amsterdam va Sidney bor. Aksiya ishtirokchilari talabi - havoni ifloslantirishni keskin kamaytirish bo‘yicha choralar qabul qilish.

Extinction Rebellion («Qirilib ketayotganlar isyoni») namoyishchilari bir necha marta Londondagi yo‘llarni to‘sib qo‘yishdi. Politsiya «kuzgi namoyishlar» harakati ishtirokchilaridan 1,5 ming nafardan ortig‘ini qo‘lga oldi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid