Turkiyaning Suriyadagi «Tinchlik bulog‘i» nomli harbiy amaliyoti to‘xtatildi. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘li e'lon qildi.

U Anqara va Moskva tomonidan anglashuv memorandumi imzolanganidan keyin harbiy amaliyot to‘xtatilganini qo‘shimcha qilgan.

Shu bilan birga, Chovusho‘g‘lining aytishicha, «agar zarurat tug‘ilsa» armiya kurdlarga zarba berishga tayyor turadi.

«Agar terrorchilar qayerdadir paydo bo‘lsa, bizning harbiylarimiz ular bilan jangga kirishadi. Qurollar, qopqon-minalar qolgan - bularning barchasini tozalash kerak. Shuning uchun biz maydonda qolamiz», degan vazir Anadolu uchun bergan intervyusida.

Shuningdek, Turkiya Mudofaa vazirligi AQSh va Rossiya bilan tuzilgan kelishuvlardan keyin Suriya shimoli-sharqida qayta amaliyot boshlanmasligini ma'lum qildi.

«Kelgusida hozirda nazorat o‘rnatilgan hududdan tashqarida yangi harbiy amaliyotlar o‘tkazishga zarurat yo‘q», deya vazirlik bayonotidan parcha keltiradi Associated Press nashri.

Qayd etilishicha, AQSh mintaqadan kurd harbiy bo‘linmalarini to‘lig‘icha olib ketgan.

O‘z navbatida, vazirlik Turkiya chegaralarida terrorchilar uchun yo‘lak qoldirilmasligini ta'kidlagan.

Putin va Erdo‘g‘an nimalarga kelishdi?

Foto: Mixail Metsel/TASS

22 oktabr kuni Sochi shahrida Rossiya va Turkiya prezidentlarining 6 soatlik uchrashuvi o‘tkazildi. Vladimir Putin va Rajab Toyyib Erdo‘g‘an quyidagi masalalarda kelishib oldi:

  • Turkiyalik harbiylar 9 oktabr kunidan buyon «Tinchlik bulog‘i» amaliyoti davomida egallangan hududlar ustidan noma'lum vaqtga qadar nazoratni saqlab qoladi (kelishuvda bu «status-kvo saqlanishi» deb atalgan).
  • Chegaradagi boshqa barcha hududlar suriyalik chegarachilar va Rossiya harbiy politsiya tomonidan egallanadi. Turkiya armiyasi bu hududga kirishi mumkin emas, ammo turkiyalik harbiylar chegaradan 10 km ichkarigacha bo‘lgan hududda Rossiya bilan hamkorlikdagi patrul ishlarida qatnashish huquqiga ega bo‘ladi.
  • Erdo‘g‘an terrorchilar deb atagan kurd harbiy bo‘linmalari bir hafta mobaynida chegara hududini tark etishi kerak bo‘ladi. Kelishuvda ularning taqdiri haqida hech narsa aytilmagan, ammo tomonlar «barcha shakllarda terrorizm bilan kurashishi» qayd etilgan.