Jahon | 00:41 / 13.11.2019
4628
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp Eronga qarshi sanksiyalarni yana bir yilga uzaytirdi

Foto: AP

AQSh prezidenti Donald Tramp 14 noyabrdan Eronga qarshi sanksiyalarni ko‘zda tutuvchi favqulodda vaziyat rejimini yana bir yilga uzaytirishga qaror qildi. Bu haqda Oq uy ma'lum qildi.  

Tramp AQShning Eron bilan munosabatlari yaxshilanmagani, 1981 yil 19 yanvarda ikki davlat imzolangan kelishuvlar hali ham amalga oshirilish bosqichida ekanini aytgan. Gap AQSh va Eron o‘rtasidagi Jazoir kelishuvi haqida borib, u 1979 yilda Erondagi inqilobdan keyin Tehronda bir yildan ko‘proq garovda ushlab turilgan amerikaliklarning ozod qilinishiga olib kelgan. 

1979 yil 14 noyabrda AQShning 39-prezidenti Jimmi Karter Tehronda amerikaliklarning ushlab turilishiga javoban 12170-farmonni imzolagan. Unga ko‘ra, AQSh moliya vazirligiga Eronning AQShdagi barcha rasmiy aktivlarini, jumladan AQSh banklari va ularning xorijiy filiallaridagi hisobraqamlarini bloklash buyurilgan. Bu Eronga qarshi ilk iqtisodiy choralar kiritilishi bo‘lgan.

1980 yil 7 aprelda Karter Eron bilan barcha diplomatik aloqalarni uzgan va AQShdan Eronga barcha tovarlar eksportini taqiqlagan. So‘ngra Erondan AQShga tovarlar importi va amerikaliklarning Eronga safarlari taqiqlangan. AQShning keyingi prezidentlari bu sanksiyalarni faqatgina qat'iylashtirib borishgan. 

Mavzuga oid