O‘zbekiston | 13:55 / 17.12.2019
6489
10 daqiqa o‘qiladi

Xususiy notariat tizimi: amaliyotda mavjud bo‘lmagan 7 ilg‘or yangilik

Kuni kecha parlament yuqori palatasida notariat tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun ma'qullandi. Unda notariat tizimida tom ma'noda «inqilobiy» o‘zgarishlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Har qanday shaxs kundalik hayotida biror-bir huquqiy munosabatga kirishadi. Kimdir merosga ega bo‘lsa, yana kimdir ijara, oldi-sotdi, hadya, kredit munosabatlari bilan to‘qnashadi. Har bir holatda muayyan bir notarial harakatlar amalga oshiriladi. Shu bois, mamlakatimizda jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishni ta'minlashga da'vat etilgan huquqiy institut — notariat faoliyat ko‘rsatmoqda.

So‘nggi uch yilda prezident tashabbusi bilan ko‘p sohalarida shiddatli, o‘z samarasini berayotgan islohotlar olib borilmoqda. 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining 2019 yil uchun belgilangan Davlat dasturida notariat organlari tizimini isloh etish, qonun ustuvorligini ta'minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilangan edi.

Unga ko‘ra, bosqichma-bosqich notariatning faol budjetdan tashqari modeliga o‘tish va uni fuqarolik-huquqiy va iqtisodiy nizolarini oldini olishga qaratilgan institut sifatida yanada rivojlantirish ko‘zda tutilgan edi.

Bu borada prezidentining 2019 yil 9 sentyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasida notariat tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF–5816-son Farmoni bilan 2020 yil 1 yanvardan davlat notarial idoralari bosqichma-bosqich nodavlat notarial idoralar etib qayta tashkil qilinishi belgilandi.

Bugungi kunda amaliyotda davlat notarial idoralari aholiga tez va sifatli xizmat ko‘rsatishdan manfaatdor emasligi bilan bog‘liq holatlar ko‘p. Davlat notarial idoralarida navbatlar vujudga kelmoqda, korrupsion harakatlar uchramoqda.

Shuningdek, notarial harakatlar soni ortib borayotgan bir vaqtda davlat notarial idoralariga qo‘shimcha shtat birliklarini joriy etish jarayonining murakkabligi murojaat etuvchilarning soni va ish hajmiga mos ravishda xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar sonini oshirishga to‘sqinlik qilmoqda.

Bugungi kunda mamlakatda bor-yo‘g‘i 900ta shtat birligida 811 nafar notarius faoliyat ko‘rsatmoqda. Ushbu ko‘rsatkich, rivojlangan mamlakatlar bilan solishtirganda ancha kam. Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra, lotin turidagi har bir notariusga o‘rtacha 18 948 kishi to‘g‘ri kelmoqda.

Masalaning huquqiy yechimi aniq belgilanmoqda

Joriy yilning 14 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Cenatining yigirma beshinchi yalpi majlisi doirasida ushbu masalalarning huquqiy yechimiga qaratilgan «Notariat tizimining tubdan isloh qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonuni ma'qullandi.

Qonunda qonunchilik va notariat amaliyotida mavjud bo‘lmagan ilg‘or yangiliklar o‘rin olgan. Xususan:

Birinchidan, xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslar faoliyatini tashkil etish asoslari hamda ular faoliyatini litsenziyalash tartibi belgilanmoqda. Ya'ni, davlat notarial idoralarini bosqichma-bosqich notariatning nodavlat shakliga o‘tkazish ko‘zda tutilmoqda.

Qayd etish joizki, xususiy notariuslar xizmat narxlarini mustaqil belgilamaydi. Notarial harakatlar uchun to‘lovlar miqdori Hukumat tomonidan belgilanadi. Bunda davlat va xususiy notariuslar tomonidan amalga oshiriladigan harakatlar bir xil yuridik kuchga ega bo‘ladi.

Ikkinchidan, Adliya vazirligiga muayyan hududdagi notariuslar lavozimlarining eng kam sonini belgilash vakolati berilmoqda. Endilikda yurtimizda faoliyat yuritadigan notariuslarning maksimal soni chegaralanmaydi.

Uchinchidan, notariuslarni birlashtiruvchi hamda ularning faoliyatini muvofiqlashtiruvchi yagona tuzilma sifatida O‘zbekiston Respublikasi Notarial palatasi tashkil etilmoqda. Uning huquq va majburiyatlari, unga a'zo bo‘lgan notariat idoralari faoliyatini muvofiqlashtirish tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda.

To‘rtinchidan, hududiy adliya organlari huzuridagi malaka komissiyalarining stajirovkadan o‘tgan shaxslardan imtihon olish vakolati tugatilib, ularga notarius litsenziyasi amal qilishini to‘xtatib turish va tugatish bilan bog‘liq ishlarni ko‘rib chiqish vazifasi yuklatilmoqda.

Beshinchidan, notariuslarga mediator vazifasini bajarish, dalillarni ta'minlash, mualliflik va turdosh huquq obekti taqdim etilgan vaqtini tasdiqlash, hujjatning elektron shakli uning qog‘oz shakli bilan teng huquqiy kuchga egaligini tasdiqlash kabi vakolatlar berilmoqda.

Oltinchidan, masofadan turib, shu jumladan, videokonferensaloqa orqali notarial harakatlarni amalga oshirish mexanizmini joriy etish ko‘zda tutilmoqda.

Yettinchidan, fuqarolarni notarius kasbiy majburiyatlarini buzishi natijasida yetkaziladigan zarardan muhofaza qilish maqsadida nodavlat notarial idoralar notariuslarining fuqarolik javobgarligi sug‘urtalash tartibi belgilanmoqda.

Shuningdek, ayrim turdagi bitimlarni majburiy notarial tasdiqlash tartibini bekor qilish hamda yangi turdagi notarial harakatlarni joriy etish ko‘zda tutilmoqda. Uy-joyni boshqa shaxsga o‘tkazish, mol-mulklarni ijaraga, tekin foydalanishga berishda ayrim talablarni bekor qilgan holda, ushbu bitimlarni rasmiylashtirish jarayonlarini soddalashtirish rejalashtirilmoqda.

Ayni paytda, Fuqarolik kodeksi, «Garov to‘g‘risida», «Ipoteka to‘g‘risida», «Lizing to‘g‘risida»gi Qonunlarga birlamchi bozordan olinadigan ko‘chmas mulk va transport vositalari ipoteka, garov va lizing shartnomalarini majburiy notarial tasdiqlash talabini bekor qilish bilan bog‘liq o‘zgartish kiritilmoqda.

Masalan, bank va boshqa kredit tashkilotlariga mol-mulkka taqiq qo‘yish va taqiqni yechish imkoni berilmoqda. Bu o‘zgartirish jismoniy va yuridik shaxslarga kredit ajratish bilan bog‘liq byurokratik to‘siqlarga barham beradi.

Notariat faoliyati xorijiy mamlakatlarda qanday yo‘lga qo‘yilgan?

Xorijiy tajribada notariatning lotin va anglo-sakson turlari mavjud bo‘lib, O‘zbekiston lotin notariat turiga mansub hisoblanadi. Qayd etish joizki, notariatning har ikki turida ham nodavlat shakli ustunlik mavqeyiga ega.

Bugungi kunda aksariyat xorijiy davlatlar (Germaniya, Fransiya, Italiya, Estoniya, Avstriya, Vengriya, Turkiya va boshqa), shu jumladan MDH davlatlarida (O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmanistondan tashqari) lotin notariati prinsiplariga asoslangan notariatning faol nodavlat shakli muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

Ilg‘or xorijiy tajriba jismoniy va yuridik shaxslarning nizolarni oldini olish funksiyasini bajaruvchi notariatning faol nodavlat modeliga bo‘lgan ehtiyoj ortib borayotganini ko‘rsatmoqda. Bunday notariat o‘zgaruvchan ijtimoiy jarayonlarga moslashgan holda javob berish, iste'molchilarning talablari doirasida tez o‘zgara olish qobiliyatiga ega. Shunga ko‘ra, notariat institutining faol pozitsiyasi va uni nizolarning oldini olish vositasi sifatida takomillashtirish davlat xizmatlarini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishning asosiy omili bo‘lib hisoblanadi.

Ko‘plab mamlakatlarda notariuslarni birlashtiruvchi notarial palatalar (ittifoqlar) mavjudligini xorijiy tajriba ham ko‘rsatmoqda. Bunday turdagi notariuslarning hamjamiyati Lotin notariatining Xalqaro ittifoqiga a'zo bo‘lib kirishi mumkin.

Masalan, Germaniyada Notarial palata tashkil etilgan bo‘lib, unga birlashgan barcha notariuslarning majmuini ifodalaydi. U o‘zining a'zolari obro‘si va nufuzini oshirish choralarini ko‘radi, ularning faoliyatida nazorat qiluvchi organlarni qo‘llab-quvvatlaydi, notariat huquqi bo‘yicha faollikni taqdirlaydi hamda notariuslar va stajyorlar tomonidan o‘zlarining lavozim majburiyatlarini vijdonan va haqqoniy bajarishi bo‘yicha ishlarni tashkil etadi.

Qonun loyihasini qabul qilish orqali qanday natijalarga erishiladi?

Notariatning faol nodavlat shakliga o‘tishi natijasida notariusning moddiy manfaatdorligi oshishi aholiga tezkor va sifatli notarial xizmat ko‘rsatishini ta'minlaydi. Uning nizolarning oldini oluvchi institut sifatida yanada rivojlanishiga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Notarial palatasi barcha nodavlat notarial idoralari notariuslarini birlashtiruvchi, ularning faoliyatini muvofiqlashtiruvchi yagona tashkilot bo‘lishi shubhasiz.

Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi Notarial palatasi xorijiy davlatlarning o‘xshash tashkilotlari bilan xalqaro aloqalar o‘rnatishi, shuningdek, bu sohada xorijiy davlatlar bilan tajriba almashish uchun keng imkoniyatlar yaratiladi.

Notariuslarning davlat notariatidan nodavlatga o‘tishi jismoniy va yuridik shaxslarga xizmat ko‘rsatish darajasini oshiradi hamda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi izchillik bilan amalga oshirilishini ta'minlaydi.

Valisher DAVLATOV,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti bo‘lim boshlig‘i,

TDYuU mustaqil izlanuvchisi.