O‘zbekiston | 22:15 / 28.02.2020
28870
8 daqiqa o‘qiladi

Yangi tarkibdagi Senat yalpi majlisidan ilk fotoreportaj

Oliy Majlis Senatining bugun, 28 fevral kuni bo‘lib o‘tgan ikkinchi yalpi majlisida 18ta masala muhokama qilindi. 9ta qonun, 1ta farmon ma'qullandi, «Xalqaro tijorat arbitraji to‘g‘risida»gi qonun rad etildi.

Shuningdek, o‘nga yaqin qonun hujjatlari, Tibbiy-mehnat ekspertlari komissiyalari tomonidan fuqarolarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va nogironlikni aniqlash masalasi yuzasidan hukumatga parlament so‘rovini yuborish, ilgari Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan ikkita parlament so‘rovi natijalarini muhokama qilish hamda yuqori palata vakolatlariga taalluqli boshqa masalalar ko‘rib chiqildi.

Majlisni ochib bergan Senat raisi Tanzila Norboyeva mamlakatdagi kambag‘allik masalasiga to‘xtalib, bu – islohotlarning eng og‘ir yo‘nalishi ekanligini ta'kidladi. Norboyevaning qo‘shimcha qilishicha, kambag‘allikni kamaytirish masalasi bo‘yicha ijro organlari rahbarlarining hisoboti Senatda davomiy tinglab boriladi.

Bundan tashqari, Senat raisi ijro organlari faoliyati ustidan nazorat mexanizmi o‘rnatilishi, bu jarayonga nodavlat-notijorat tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari vakillari, faol fuqarolik pozitsiyasiga ega bo‘lgan shaxslar jalb qilinishini aytib o‘tdi. Ular ijro vakillarining faoliyatini kuzatib, nazorat qiladi, kerakli takliflarni berib boradi.

Yalpi majlisda nofaol senatorlar Senat raisidan dakki eshitishdi. Tanzila Norboyeva jarayonlarga nofaol yondashayotgan, ya'ni passiv, «menga tegmasa bo‘ldi», qabilida ish tutayotgan senatorlarni ogohlantirarkan, 3-4 oydan keyin har bir yalpi majlisda qo‘mitalarning hisobotini berib borish amaliyoti yo‘lga qo‘yilishi, bunda nafaqat qo‘mita raisi va uning o‘rinbosari, balki har bir a'zosi o‘zi qilgan ishi bo‘yicha hisobot berishini eslatdi.

Senatorlar fuqaroligi yo‘q shaxslarning yarmidan ortig‘iga fuqarolik berishni nazarda tutadigan qonunni ma'qullashdi.

Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Botir Matmuratov yangi tahrirdagi «O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida» qonunda ko‘plab yengilliklar nazarda tutilayotgani, jumladan, O‘zbekistonda 1995 yil 1 yanvarga qadar doimiy ro‘yxatdan o‘tgan, xorijiy davlat fuqaroligini olmagan hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxs guvohnomasiga ega bo‘lgan shaxslar avtomatik tarzda fuqarolikni olishi, bu bilan O‘zbekistondagi fuqaroligi yo‘q shaxslarning yarmidan ortig‘iga fuqarolik berilishini ma'lum qildi.

Senatorlar bola huquqlarining qo‘shimcha kafolatlari belgilanishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish kiritish masalasini ko‘rib chiqishdi. Jumladan, «Bola huquqlari kafolatlari to‘g‘risida»gi qonun, «Oila kodeksi», «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi qonun hamda «Jinoyat protsessual kodeksi»ga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi belgilanmoqda.

Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Baxtiyor Sayfullayevning ma'lumot berishicha, aliment undirish masalasida yangi tartib o‘rnatiladi. Ya'ni 14 yoshga to‘lgan bola ota-onasi bilan yashamagan taqdirda, o‘z ta'minoti uchun ota yoki onadan, yoki ularning har ikkisidan aliment undirish haqida da'vo qo‘zg‘ata olishi mumkin bo‘ladi.

Majlisda nogironligi bo‘lgan shaxslarning bor-yo‘g‘i 3 foiziga xizmat ko‘rsatilayotgani ma'lum qilindi. Senator Dilorom Toshmuhammedova nogironlik holatiga tushganlar tibbiy ko‘rikdan o‘tishda duch kelayotgan muammolarni tahlil qilib, mutasaddilarni tanqid qildi.

Senatning bu safargi yalpi majlisida ilk bor yoshlar ham ishtirok etishdi. Tanzila Norboyeva yuqori palata faoliyatiga yoshlarni kengroq jalb etish rejalashtirilganini aytdi.

Abdurasul Eranov va Bobur Islomov senatorlar tomonidan Oliy sud sudyasi lavozimiga saylandi.

Majlisda ayol kadrlarni yuqori diplomatik lavozimlarga tayyorlash tizimli yo‘lga qo‘yilmagani ta'kidlandi. Senat raisi Tanzila Norboyeva ayollarni zo‘ravonlikdan himoya qilishni ko‘zda tutuvchi himoya orderi berish tizimi talab darajasida ishlamayotganini tanqid qildi.

Yalpi majlisda «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi, «Metrologiya to‘g‘risida»gi, «Sud ishlarini yuritish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunlar, Haaga konferensiyasiga qo‘shilish haqidagi hujjat ma'qullandi.

Kun.uz fotomuxbiri Muhammadjon G‘aniyev O‘zbekiston qonun chiqaruvchi hokimiyatining eng oliy organida o‘tgan yalpi majlisdan fotolavhalarni taqdim etadi.

Xorazm viloyati hokimi, senator Farhod Ermanov va Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Tolibjon Madumarov

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti, senator Behzod Yo‘ldoshev

Sudyalar oliy kengashi raisi Ubaydulla Mingboyev

Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Batir Matmuratov
Boyovut tumani hokimi, senator Dilfuza Uralova

Samarqand viloyati hokimi, senator Erkinjon Turdimov va Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi raisi, senator Alisher Sa'dullayev 

Samarqand davlat universiteti rektori, senator Rustam Xolmurodov hamda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri Inom Majidov
Qashqadaryo viloyati hokimi, senator Zoyir Mirzayev va YoI raisi, senator Alisher Sa'dullayev
Toshkent viloyati hokimi, senator Rustam Xolmatov
Farg‘ona viloyati hokimi, senator Shuhrat G‘aniyev va Nuroniy» jamg‘armasi Farg‘ona viloyati bo‘limi raisi, senator Topvoldi Xoldorov
Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari Abduxalim Xolmahmatov
Senat raisi Tanzila Norboyeva
Senat rahbariyati

Andijon viloyati hokimi, senator Shuhrat Abdurahmonov
Senat raisi o‘rinbosari Zayniddin Nizomxo‘jayev

Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev
Senat raisi o‘rinbosari – Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Musa Yerniyazov 

Jizzax viloyati hokimi, senator Ergash Saliyev

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili Ulug‘bek Muhammadiyev

Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Bahodir Tojiyev

Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Shuhrat Cho‘lliyev

Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Baxtiyor Sayfullayev

Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Tolibjon Madumarov
Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi, general-mayor Qutbiddin Burxonov

Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Ilhom Ne'matov
Jizzax viloyati Kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi Kengashi raisi, senator Nusuratulla Pardayev
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti, senator Behzod Yo‘ldoshev

Qashqadaryo viloyati hokimi, senator Zoyir Mirzayev
Senat yalpi majlisida ilk marta yoshlar ham qatnashdi.

Mavzuga oid