O‘zbekiston | 11:51 / 28.02.2020
9243
3 daqiqa o‘qiladi

Senatorlar fuqaroligi yo‘q shaxslarning yarmidan ortig‘iga fuqarolik berishni nazarda tutadigan qonunni ma'qulladi

Oliy Majlis Senatining ikkinchi yalpi majlisida yangi tahrirdagi “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi qonuni muhokama qilindi, deb xabar beradi Kun.uz muxbiri.

Foto: KUN.UZ

Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Botir Matmuratov yangi tahrirdagi “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida” qonunda ko‘plab yengilliklar nazarda tutilayotgani, jumladan, Respublikasida 1995 yil 1 yanvarga qadar doimiy ro‘yxatdan o‘tgan, xorijiy davlat fuqaroligini olmagan hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxs guvohnomasiga ega bo‘lgan shaxslarga O‘zbekiston fuqaroligini avtomatik tarzda berilishi, bu bilan O‘zbekistondagi fuqaroligi yo‘q shaxslarning yarmidan ortig‘i fuqarolik olishini ma'lum qildi.

Qonun bilan tug‘ilgan joyi va ota-onasining fuqaroligi bo‘yicha xorijiy davlat fuqarosi hisoblangan bolalar O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilinishi, O‘zbekiston fuqaroligi yo‘qotilishiga sabab bo‘ladigan sabablarsiz konsullik hisobiga turmaslik muddati uch yildan yetti yilga uzaytirilishi, fuqarolik masalalariga oid iltimosnomalar bo‘yicha ish yurituvini to‘xtatib turish, tugatishning aniq asoslari belgilab berilishi, fuqarolikka qabul qilish sharti sifatida davlat tilini muloqot uchun yetarli darajada bilishi, fuqarolik masalalarini ko‘rib chiqishda idoralararo elektron hamkorlik mexanizmlari nazarda tutilmoqda.

Yalpi majlisda qonunning amaldagi tahriri 28 yil avval qabul qilingani va uning deyarli barcha normalari eskirib, zamon talablariga javob bermay qo‘ygani, qonunning yangi tahririda fuqarolik sohasidagi ma'muriy tartib-taomillarni yanada soddalashtirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan qonunchilik bazasini yaratish, shaxslarning O‘zbekiston fuqaroligini olish va bekor qilish borasidagi huquq va erkinliklarini ta'minlashning huquqiy mexanizmlarini mustahkamlash nazarda tutilgani ta'kidlandi.

Qonun bilan prezident huzuridagi Fuqarolik masalalari bo‘yicha komissiyaning maqomi, asosiy vazifalari va vakolatlari belgilab qo‘yilmoqda. Qonunda “yashash guvohnomasi”, “tekshiruv varaqasi”, “xorijiy davlat fuqarosi”, “fuqaroligi bo‘lmagan shaxs” va boshqa shu kabi tushunchalarga sharh berilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda hozirgi vaqtda jami 95 857 nafar fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar istiqomat qiladi, ushbu ko‘rsatkich Markaziy Osiyodagi jami fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning 78,5 foizini tashkil etadi.

Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Aziz Ikromovga ko‘ra, O‘zbekistonda yashayotgan fuqaroligi yo‘q shaxslarning asosiy qismini o‘zbeklar tashkil qiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev parlamentga murojaatida mamlakatda uzoq vaqtdan beri yashab kelgan, biroq O‘zbekiston fuqarosi maqomini olmagan yurtdoshlarimiz muammosini qonunga muvofiq hal etish yuzasidan tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar ko‘rish zarurligini ta'kidlagan edi.

Жамшид Ниёзов
Tayyorlagan Жамшид Ниёзов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid