O‘zbekiston | 19:04 / 19.06.2020
2430
2 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda qurilish materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha 243 mln dollarlik 3ta loyiha ishga tushiriladi 

Qurilish materiallari ishlab chiqarish uchun har tomonlama qulay, tabiiy zaxiralarga ega Jizzaxda viloyat hokimligi “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi bilan hamkorlikda yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirmoqda. Xususan, 2020-2022 yillar Investitsiya dasturi doirasida hududda joriy yilning o‘zida umumiy qiymati 243,0 mln dollarlik 3 ta loyihani ishga tushirish rejalashtirilgan. 

Foto: O‘zsanoatqurilishmateriallari

Jumladan, Zafarobod tumanidagi yiliga 1,2 mln tonna sement ishlab chiqarish quvvatiga ega "Huaxin Cement Jizzakh"  MChJ QKning dastlabki bosqichi ham 2020 yilda ishga tushiriladi. Loyihaning umumiy qiymati 150,0 mln dollarni tashkil etiladi. Korxona foydalanishga topshirilgach, 300 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Yangi zavodda kelgusida M-400 va M-500 markadagi sifatli sement mahsulotlari ishlab chiqariladi. Buning uchun korxonaga eng so‘nggi rusumdagi energiya tejamkor, ekologiyaga ta'sir kuchi kam bo‘lgan texnologiyalar joriy etilmoqda. Ayni paytda bu yerda uskunalarni sozlash va obodonlashtirish ishlari davom etmoqda.

Qayd etish kerak, viloyatda 2021-2022 yillarda ham xorijiy investitsiya hisobiga bir qator loyihalar amalga oshiriladi. Mazkur dasturga ko‘ra, hududda umumiy qiymati 145 mln dollar bo‘lgan, yiliga 810 ming tonna sement ishlab chiqarish quvvatiga ega yangi sement zavodi - "Ekosement" MChJ barpo etiladi. Hozirda yangi sement zavodini qurish va Xitoy davlatidan asbob-uskunalar olib kelish ishlari boshlangan. 

Bundan tashqari, Jizzax viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi doirasida 2020-2022 yillarda qo‘shimcha ravishda umumiy qiymati 5 trln 751 mlrd so‘mlik 54 ta qurilish materiallari ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilishi va 2 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilishi rejalashtirilgan. Jumladan, Forish tumanida yiliga 35 ming tonna bazalt tolasidan issiqlik saqlovchi materiallar ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan "Basalt Wool" MChJ barpo etiladi. Loyihaning umumiy qiymati 60,1 mln dollarni tashkil etadi. 

“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi
Matbuot xizmati

Mavzuga oid