Joriy yilning 5 oktabr kuni «Jizzax» erkin iqtisodiy zonasida «Optik tolali aloqa kabellarini ishlab chiqarishni tashkillashtirish» loyihasi doirasida «Global Optical Communication Uzbekistan» («GOC-UZ») MChJ Qo‘shma korxonasining yangi ishlab chiqarish hududida poydevor qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri o‘rinbosari Maxsudov Jamol Tilloyevich, «Global Optical Communication Uzbekistan» MChJ QK Bosh direktori Ik Chjun Yang, Jizzax viloyati hokimining o‘rinbosari Akram Rahmonqulov, «Jizzax» EIZ vakillari, «GOC-UZ» QK xorijiy investorlari, «O‘zbektelekom» AK vakillari, «GOC-UZ» QK rahbariyati va xodimlari, qurilish tashkiloti rahbariyati va xodimlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.


Optik tolali kabellar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan «Global Optical Communication Uzbekistan» MChJ Qo‘shma korxonasiga 2019 yil asos solingan. Ishlab chiqaruvchi korxona «Jizzax» EIZda «O‘zbektelekom» AK va Janubiy Koreyaning xorijiy investorlari: «Global Optical Communication Co. Ltd.» va «Uni Asset Global Co. Ltd.» kompaniyalari bilan birgalikda tashkil etilgan. Ishlab chiqarish quvvati yiliga 50 ming km gacha optik tolali aloqa kabellarini tashkil etadi.
Qo‘shma korxonaning ustav kapitali 11 million AQSh dollarini tashkil etadi, shu jumladan:
- Janubiy Koreyaning kompaniyalari (55%) – 6.050.000 AQSh dollari (ishlab chiqarish uskunalari, materiallar, aylanma mablag‘lar);
- «O‘zbektelekom» AK (45%) – 4.950.000 AQSh dollari (bino va inshootlar).
2020 yilda birinchi bosqichda «Global Optical Communication Uzbekistan» QKning «Jizzax» EIZdagi mavjud binosida Koreya, Yaponiya va Xitoy kompaniyalarining zamonaviy uskunalari o‘rnatilgan bo‘lib, tayyor mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda va hozirgi kunda ushbu zavodda koreyalik mutaxassislar faoliyat yuritmoqdalar. Buning samarasini qisqa muddat ichida ishga tushirish va sozlash ishlari amalga oshirilgani va Optik tolali kabellarni Koreya texnologiyasi asosida ishlab chiqarish o‘zlashtirilganini yaqqol ko‘rishimiz mumkin.

Mavjud ishlab chiqarish quvvatlarida 2020 yilda korxona 10 ming km uzunlikdagi optik tolali aloqa kabellarini ishlab chiqaradi. Yangi qo‘shma korxona bugungi kunda 58 ta yangi ish o‘rni yaratdi.







