80 yoshli demokrat Nensi Pelosi AQSh kongressi vakillar palatasi spikeri lavozimiga qayta saylandi. Pelosi ushbu lavozimni 2007-2011 yillarda va 2019 yildan beri egallab kelgan.
Ushbu lavozimga ikkinchi nomzod 55 yoshli respublikachi Kevin Makkarti bo‘lgan. Pelosini 216 deputat, Makkartini esa 209 deputat qo‘llab-quvvatlagan. Ba'zi demokratlar Pelosi vakillar palatasiga bunchalik uzoq vaqt rahbarlik qilayotganidan norozilik bildirishgan.
Avvalroq Pelosi spiker lavozimiga oxirgi muddatga nomzodini ilgari surayotganini aytgan. U kongressga ilk bor 1987 yilda kirgan. 2003 yildan esa vakillar palatasida demokratlar yetakchisi hisoblanadi.
2020 yilgi saylovlarda Demokratik partiya vakillar palatasidagi ba'zi o‘rinlarni yo‘qotgan, biroq o‘z ortidan ko‘pchilikni saqlab qolgan.