Putin «Rossiya Federatsiyasining muhim infratuzilma obyektlari xavfsizligini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi 604-sonli tegishli farmonni 24-avgust kuni imzoladi. Hujjat huquqiy axborot rasmiy portalida eʼlon qilindi va kuchga kirdi.

Vaqtinchalik boshqaruvni joriy etishga xavfsizlik choralarini koʻrmaslik yoki oʻz vaqtida koʻrmaslik, belgilangan talablarni buzish, obyektning normal ishlashiga tahdid yaratish yoki hatto shikastlangandan soʻng uni tiklashni kechiktirish asos boʻlishi mumkin. Farmonda, shuningdek, dronlar hujumlarining oldini olishga qaratilgan «chora-tadbirlarni amalga oshirish samarasizligi» alohida taʼkidlangan.

Hukumat vaqtinchalik boshqaruvga kompaniyaning barcha yoki bir qism koʻchar va koʻchmas mulkini, unga tegishli qimmatli qogʻozlar va Rossiya yuridik shaxslaridagi ulushlarni, shuningdek, mulkiy huquqlarni oʻtkazishi mumkin. Qarorni hukumat Putinning topshirigʻiga koʻra qabul qiladi.

«Rosimushchestvo» vaqtinchalik boshqaruvchi boʻladi, biroq hukumat boshqa tashkilotni tayinlashi ham mumkin. Boshqaruvchi topshirilgan mol-mulkni tasarruf etish huquqidan tashqari, mulkdorning barcha vakolatlarini qoʻlga kiritadi. Vaqtinchalik boshqaruv muddati farmonda cheklanmagan: uni ham prezident topshirigʻiga binoan hukumat bekor qilishi mumkin.

Farmonda «muhim infratuzilma obyektlari» sirasiga yoqilgʻi-energetika majmuasi va sanoat korxonalari, aloqa, kommunal, transport va logistika infratuzilmasi, energetika, shu jumladan atom energetikasi hamda hayotiy taʼminot obyektlari kiritilgan. Shu bilan birga, roʻyxat ochiqligicha qolmoqda: bu mexanizm hukumat Rossiya xavfsizligi, iqtisodiy barqarorligi yoki aholi hayoti uchun «oʻta muhim ahamiyatga ega» deb hisoblaydigan boshqa obyektlarga ham qoʻllanilishi mumkin.

Farmon Ukraina tomonidan Rossiyaning sanoat va logistika infratuzilmasiga qilinayotgan hujumlar soni keskin ortishi fonida paydo boʻldi. Neftni qayta ishlash zavodlari (NQIZ) 2024-yil boshidanoq Ukraina dronlarining doimiy nishoniga aylangan, 2025-yilda esa zarbalar shiddati yanada oshgan. 2026-yilda Ukraina kampaniya koʻlamini sezilarli darajada kengaytirdi: birinchi yarim yillikning oʻzida Ukraina dronlari zavodlarga kamida 194 marta muvaffaqiyatli hujum qilgan - bu 2025-yilning shu davriga nisbatan 11 barobar koʻpdir. Hujumlardan soʻng ayrim NQIZ uzoq vaqt davomida neftni qayta ishlashni qisqartirdi yoki butunlay toʻxtatdi, baʼzi zavodlar esa haftalab normal ish faoliyatiga qayta olmadi.