Rossiya jangovar harakatlarni davom ettirishga vaʼda berayotganiga qaramay, Ukraina AQSH va yevropalik hamkorlari bilan birgalikda urushni toʻxtatish boʻyicha bir qator takliflar ishlab chiqdi. The Times nashrining yozishicha, bu haqda 23-avgust kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy maʼlum qilgan.

Uning soʻzlariga koʻra, Kiyev ushbu reja ustida AQSH prezidenti Donald Tramp vakillari va Yevropa rasmiylari bilan birga ishlagan. Reja oʻt ochishni toʻxtatishni, Rossiya va Ukraina qoʻshinlarini front chizigʻidan oʻzaro olib chiqib ketishni hamda bufer hudud yaratishni koʻzda tutadi.

«Bizga maʼlum boʻlishicha, Amerika tomonida yana bir nechta gʻoya bor. Ular bu gʻoyalarni taqdim etish uchun qulay fursat topmoqchi. Biz ularni kutmoqdamiz», – deb qoʻshimcha qildi Zelenskiy.

Nashr maʼlumotlariga koʻra, 24-avgust kuni Rossiyaga Vatikan diplomati Pol Richard Gallaher tashrif buyurgan va ushbu takliflarni yetkazishi mumkinligi taxmin qilinmoqda. 25-avgust kuni u Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashishi rejalashtirilgan.

Biroq, jurnalistlar taʼkidlaganidek, Rossiya ilgari ham bunday takliflarni rad etgan, shu sababli muzokaralarda jiddiy natijaga erishish umidi pastligicha qolmoqda.

Yaqinda Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Rossiya urushni hozirgi front chizigʻi boʻylab toʻxtatishga rozi boʻlmasligini aytgan. Uning soʻzlariga koʻra, bu «natsizmni yenggan bobolar» jasoratini qadrsizlantirgan boʻlardi. U jangovar harakatlarni toʻxtatishga faqat «uzoq muddatli, ishonchli va barqaror kelishuv» sharti bilangina erishish mumkinligini qoʻshimcha qilgan.