Davlat statistika qömitasi Özbekiston taşqi savdo aylanmasi böyiça birinçi çorak hisobotini taqdim etdi.
Qayd etilişiça, 2021 yilning yanvar-mart oylarida respublikaning taşqi savdo aylanmasi 7,1 mlrd AQŞ dollarini taşkil etib, 2020 yilga nisbatan 930 mln dollarga yoki 11,6 foizga kamaydi.
Xususan, hisobot davrida eksport hajmi 2,4 mlrd dollarni taşkil etdi va 26,5 foizga kamaydi. Biroq oltin hisobisiz eksport 6 foizga oşdi. Jahon bozorida oltin narxi tuşib ketişi fonida, Özbekiston 7 oydan buyon oltin eksport qilmayapti.

Eksportning 26,6 foizi töqimaçilik mahsulotlariga töğri keldi. Ötgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda, bu yönalişdagi eksport ösişi – 37,8 foiz.
Birinçi çorakda import hajmi 4,7 mlrd dollarni taşkil etdi, bu – bir yil oldingiga nisbatan 1,3 foizga kam.
Hisobot davrida 2,3 mlrd dollar qiymatida manfiy saldo qayd etildi.
Özbekistonning asosiy savdo hamkorlari
Taşqi savdo aylanmasining nisbatan salmoqli hissasi Xitoy (20 foiz), Rossiya (18 foiz), Qozoğiston (12,2 foiz), Turkiya (9,2 foiz), Koreya (5,7 foiz), Qirğiziston (2,6 foiz) va Afğonistonda (2,3 foiz) qayd etilgan.

2021 yilning yanvar-mart oylarida taşqi savdo aylanmasida MDH davlatlarining uluşi 40,3 foizni taşkil etib, 2020 yilga nisbatan uluşi 4,8 foizga köpaygan.
Özbekistonning MDH mamlakatlari bilan taşqi savdo aylanmasi 2021 yil yanvar-mart holatiga 2,8 mlrd AQŞ dollarini taşkil etdi. Şundan eksport – 939,9 mln dollarga yetgan bölsa, import – 1,8 mlrd dollar qiymatida qayd etildi.

Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan Özbekiston taşqi savdo aylanmasi 2,4 mlrd AQŞ dollarini taşkil etdi. Şundan eksport hajmi 766,1 mln dollar, import hajmi esa 1,6 mlrd dollar.











