Jamiyat | 23:12 / 19.07.2021
14200
4 daqiqa o‘qiladi

Buxoro va Namanganda Telegram orqali firibgarlik qilgan talabalar qo‘lga olindi

Ikki talaba o‘zgalarning plastik kartochkasidan 4 million so‘mdan ko‘proq pulni yechib olgan. Ular o‘z “qurbonlari”ni go‘yoki ularga pul yutug‘i chiqqanini aytib laqillatgan. Eslatib o‘tamiz, telefon raqamga kelgan maxfiy kodni begona shaxslarga mutlaqo aytmaslik kerak.

Foto: Kommersant'

Noma'lum shaxs Qorako‘l tumanida yashovchi qizning Telegram’dagi akkauntiga yozib, unga pul yutug‘i chiqqani va yutuqni olish uchun plastik karta raqamini yuborishi kerakligini aytgan.

Qizning nomiga rasmiylashtirilgan va uning telefoniga ulangan plastik karta maxfiy kodi va raqamlarini qo‘lga kiritgach, firibgar plastik karta hisobida bo‘lgan 2 mln 551 ming so‘mni yechib olgan.

Qizning otasi M.Yu. mazkur holat yuzasidan ariza bilan murojaat qilgach, tuman ichki ishlar bo‘limi huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan noma'lum shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

“Viloyat IIB hamda tuman IIB xodimlari tomonidan hamkorlikda olib borilgan tezkor-texnik, surishtiruv va tergov harakatlari davomida ushbu jinoyatni Navoiy viloyati, Navoiy shahar Me'morlar ko‘chasida yashovchi, 1998 yilda tug‘ilgan, Buxoro muhandislik texnologiya institutining 3-bosqich talabasi X.H. sodir qilgani aniqlandi”, – deyiladi viloyat IIB axborot xizmati xabarida.

Namangan viloyatining Pop tumanida sodir etilgan kiberjinoyat ham Telegram orqali amalga oshirilgan.

14 iyun kuni noma'lum shaxs Pop tumanida yashovchi, 1990 y.t. fuqaroga Telegram orqali yozib, unga go‘yoki “Omadli aksiyasi” doirasida 500 ming so‘m pul yutib olgani haqida xabar yuborgan. Ushbu pulni plastik kartochkaga o‘tkazib berishini aytib, fuqarodan plastik kartasining maxfiy raqamini yozib yuborishini so‘ragan. Kerakli ma'lumotlarni qo‘lga kiritgach, kartadagi 1 mln 570 ming so‘mni yechib olgan.

Namangan viloyati IIBning ma'lum qilishicha, tezkor-texnik, surishtiruv va tergov harakatlari davomida mazkur jinoyatni Farg‘ona viloyati Rishton tumanida yashovchi, Farg‘ona davlat universitetining 4-bosqich talabasi sodir etgani aniqlangan.

Qonunbuzar jinoyat ishlari bo‘yicha Sirdaryo viloyati Boyovut tuman sudi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi bilan sudlanib, 3 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosiga hukm qilingani, 2021 yil 1 fevral kuni Farg‘ona viloyati Rishton tumani IIB Probatsiya guruhi hisobiga olingani ma'lum bo‘ldi. 1999 yilda tug‘ilgan yigit shu yilning aprel oyida Telegram’da “Agrobank info” kanalini tashkil etgan va jinoiy harakatlarini ushbu kanalning boti orqali amalga oshirgan.

Hozirgi kunda har ikki holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari davom ettirilayotgani ma'lum qilingan.

Qayd etilishicha, ushbu shaxslarning boshqa hududlarda sodir etilgan va fosh etilmasdan qolayotgan xuddi shu turdagi jinoyatlarga aloqadorlik masalasi ham tekshirilmoqda.

Mavzuga oid