Navbahor tumanidagi Sarmishsoy darasi o‘zining petrogliflari bilan mashhur. Uzunligi 2,5 km.ga cho‘zilgan darada minglab petrogliflarni ko‘rish mumkin.
Mutaxassislarga ko‘ra, qoyalardagi suratlar 7-9 ming yillik tarixga ega.

Suratlarda turli marosimlar, ov tasvirlari, kiyik, arxar, tuyalar, yovvoyi buqalar, otlar va hatto o‘zga sayyoraliklar aks etgan.



Qoyalardagi suratlar qachonlardir bu yerda insonlar istiqomat qilib, chorvachilik, dehqonchilik bilan mashg‘ul bo‘lganidan darak beradi. Ochiq osmon ostidagi san'at galereyasi deya e'tirof etiladigan darada 10 mingdan ortiq surat borligi tasdiqlangan.
Har bir surat o‘z ma'nosiga ega va tomoshabinga olis tarixdan ma'lumotlar beradi.

“Sarmishsoy darasi juda uzoq davrni o‘z ichiga olgani uchun ham sir-sinoatlarga to‘la. Masalan, ushbu qoyatoshda yugurib borayotgan 5 ta obraz berilgan. Ushbu obrazlar qaddi-qomati bir tomondan odamga yaqinroq, ikkinchi tomondan insondan farqli tomonlari ham bor.
O‘zbekiston olimlaridan tashqari, dunyo olimlari ham bu yerga tashrif buyurgan va mana shu suratlarni ko‘rganda, bu o‘zga sayyoraliklarning obrazi, degan to‘xtamga kelishgan. Dunyoning boshqa hududida o‘zga sayyoraliklar tasvirlangan bu kabi suratlarni ko‘rmadik, balki tasvirlarda shamanlar ifodalangan bo‘lsa kerak, deya fikr bildirgan olimlarimiz ham bor.






















