O‘zbekiston | 12:37 / 24.02.2022
18433
2 daqiqa o‘qiladi

«Evakuatsiya rejasi ishlab chiqilmoqda» – O‘zbekistonning Kiyevdagi elchixonasi o‘zbekistonliklarga murojaat qildi

O‘zbekistonning Kiyevdagi elchixonasi ayni damda Ukrainada bo‘lib turgan o‘zbekistonliklarga murojaat bilan chiqdi. Murojaat matni elchixona rasmiy saytida e’lon qilindi.

«Ukrainadagi vaziyat keskinlashgani va favqulodda holat joriy etilganini inobatga olib, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga quyidagilarni ma’lum qilamiz.

Hozirda O‘zbekiston Respublikasining Kiyevdagi elchixonasi tomonidan evakuatsiya rejasi va Ukraina hududini tark etishni xohlovchi fuqarolar ro‘yxati ishlab chiqilmoqda. Ukraina havo hududining yopilishini inobatga olgan holda jo‘nab ketish yo‘nalishlari va jo‘nab ketish joyi ishlab chiqilyapti.

Maqbul evakuatsiya yo‘nalishlari bo‘yicha masalalar uchinchi davlatlarning manfaatdor xizmatlari bilan kelishilgan sari, O‘zbekiston fuqarolari elchixonaning www.uzbekistan.org.ua sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi kanallarida qo‘shimcha ravishda xabardor qilinadi.

Ukrainadan chiqib ketishni xohlovchi O‘zbekiston Respublikasining barcha fuqarolari pasport ma’lumotlarini elchixonaning embassy@uzbekistan.org.ua elektron manziliga yuborishlari so‘raladi.

Ukrainada bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolaridan tinchlik saqlashlarini va qo‘shimcha savollar tug‘ilganda elchixona bilan aloqada bo‘lishlarini so‘raymiz», deyilgan elchixona murojaatida.

Bugun, 24 fevral kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Donbassda maxsus harbiy operatsiya boshlanganini e’lon qildi. Ukrainaning ko‘plab shaharlaridagi harbiy obektlar, qurol-yarog‘ omborlari Rossiya raketalari yordamida o‘qqa tutilmoqda. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy harbiylarga javob zarbalarini berishni buyurdi.