O‘zbekiston | 21:10 / 16.04.2022
32450
15 daqiqa o‘qiladi

Bemaslahat qarorlar, omadli arxitektor va yangi “piramida” - hafta dayjesti

Barcha qaror va qonunlarni majburiy tarzda xalq bilan maslahatlashish talabi bekor qilindi. Shuhrat G‘aniyev yana tanqid nishoniga aylandi. Toshkentda uylar narxi uch oy ichida 15 foizga oshdi. Amaldorlarga tejamkorlik buyurilgan bir paytda, vodiyda yangi aeroport qurish reja qilinyapti. Ortda qolayotgan haftaning shu va boshqa asosiy xabarlari – Kun.uz dayjestida.

Haftaning asosiy yangiliklaridan biri – yangi tahrirdagi Yo‘l harakati qoidalarining kutilmaganda tasdiqlanishi bo‘ldi. Bu bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi bo‘lmaganini biroz ortga surgan holda, qoidalardagi asosiy yangiliklarga to‘xtalsak.

1 maydan kuchga kiradigan qoidalarga asosan, nafaqat haydovchi, balki old o‘rindiqda o‘tirgan yo‘lovchi ham xavfsizlik kamarini taqishi majburiy bo‘ldi. Garchi ko‘pchilikka yoqmagan bo‘lsa-da, qachondir bu o‘zgarish kiritilishi kerak edi. Axir xavfsizlik kamarining foydali ekanini inkor qilib bo‘lmaydi. Shunday ekan, undan foydalanish haydovchi uchun majburiy bo‘lib, u bilan teng darajadagi xavf darajasida turadigan old o‘rindiqdagi yo‘lovchilar uchun ixtiyoriy bo‘lishi mantiqqa zid.

Xavfsizlik kamari bo‘yicha boshqa o‘zgarishlar ham bor. Endilikda haydovchi orqaga harakatlanayotganda ham kamarni taqishi shart. Yo‘nalishli taksi, xalq tilida aytganda “marshrutka” haydovchilari ham kamardan foydalanishi majburiy bo‘ldi. Homilador ayollar istisno ekani haqidagi qoida saqlanib qoldi. Salomatligi xavfsizlik kamarini taqish imkonini bermaydigan shaxslar esa rulga o‘tirishi yoki old o‘rindiqda ketishi uchun yonida tibbiy ma’lumotnoma olib yurishi kerak bo‘ladi.

Aholi punktlarida harakatlanish tezligi 70 km/soatgacha degan qoida saqlanib qoldi. Shu bilan birga, yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha Respublika komissiyasi yirik shaharlarning eng gavjum hududlarida tezlikni 60 km/soatgacha cheklashi mumkinligi belgilandi. Tegishli belgilar o‘rnatilgan bo‘lsa, maktab va bog‘chalar atrofidagi yo‘llarda 300 metrgacha masofada tezlikni 30 km/soatdan oshirish taqiqlandi. Mahallalar ichida esa 20 km/soatdan oshiq harakatlanish mumkin emas.

Endi yuk mashinalari, ayrim istisnolardan tashqari, yo‘lning eng chetki o‘ng qismidan harakatlanishi shart. Yengil avtomobilda yuk tashishda, masalan qurilish materiallari olib ketayotganda ehtiyot bo‘lgan ma’qul: agar yuk mashinaning gabaritidan yarim metrdan ortiq uzunlikda chiqib tursa, jarimaga sabab bo‘ladi. Yukning balandligi mashinaning tomidagi bagajdan boshlab 1 metrdan oshib ketmasligi kerak.

O‘zgarishlardan yana biri: agar svetofor ishlamayotgan bo‘lsa, haydovchi perpendikulyar tarafdagi svetofor ham ishlamayotganiga ishonch hosil qilishi zarur. Kuchli yog‘ingarchilik sharoitida chiroq yoqib harakatlanish shart etib belgilandi. Qayrilib olish joylaridan oldin va keyin 30 metr masofada, piyodalar o‘tish joylaridan oldin va keyin 10 metr masofada to‘xtash taqiqlandi. Yo‘llarda tezlikni pasaytirish uchun sun’iy notekisliklarni ruxsatsiz o‘rnatish man etildi. Qoidalarda yana ko‘plab boshqa o‘zgarishlar ham bor.

Shu hafta yo‘l harakati qoidalaridan tashqari haydovchilarga oid yana ikkita qaror qabul qilindi. Ulardan biriga ko‘ra, eski namunadagi haydovchilik guvohnomasi va texpasportni almashtirish muddati, kutilganidek, yana uzaytirildi. 2010 yilgacha bo‘lgan davrda berilgan hujjatlar 2023 yil 31 martgacha almashtirilishi kerak.

Ikkinchi qaror esa muhokamalarni keltirib chiqardi. Unga ko‘ra, endilikda YPX xodimi haydovchini hujjat tekshirish uchun to‘xtatganida, aniqlangan barcha huquqbuzarliklar bo‘yicha chora ko‘rish vakolatiga ega bo‘ldi. Bundan tashqari, haydovchilar YPX xodimining dislokatsiya ko‘chirmasi bilan o‘sha joyning o‘zida tanishish huquqidan mahrum bo‘ldi. Endi buning uchun saf bo‘limiga murojaat qilishga to‘g‘ri keladi. So‘ralgan ma’lumot esa yozma ravishda beriladi. Aytish mumkinki, bu o‘zgarish sabab jamoatchilik nazoratining instrumentlaridan yana biri yo‘qotildi.

***

Adliyadan kutilmagan qadam

Endilikda birorta ham hujjat loyihasini jamoatchilik muhokamasiga chiqarish majburiy emas, barchasi “qoida tariqasida”.

Yuqorida aytganimizdek, yangi qoidalarni qabul qilishdan oldin jamoatchilik muhokamasi bo‘lgani yo‘q. Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati shu haqdagi tanqidlarga javoban, loyiha 2021 yil oxirida muhokamaga chiqarilganini ma’lum qildi. Lekin qandaydir sabablarga ko‘ra OAV va keng jamoatchilik bundan bexabar qolgan. Loyihaga bor-yo‘g‘i 6ta izoh qoldirilganidan ham bilish mumkinki, mas’ullar u bilan ko‘proq odam tanishishini istamagan. Aks holda 15 kunlik muhokama davrida yetarlicha tashviqot qilingan bo‘lardi.

Umuman, Ichki ishlar vazirligining ochiqlikka munosabati ko‘pchilikka ayon, lekin shu hafta ma’lum bo‘ldiki, Adliya vazirligi ham jamoatchilik nazoratini cheklashga bosh qo‘shgan ko‘rinadi. Vazirlik tashabbusi bilan qabul qilingan qarorga asosan, endilikda hech qaysi hujjatni qabul qilishdan oldin jamoatchilik muhokamasini o‘tkazish majburiy emas.

Gap shundaki, 4 yil oldin barcha qonun, qaror va farmonlar qabul qilinishidan avval regulation.gov.uz portaliga jamoatchilik muhokamasi uchun chiqarilishi kerak degan talab o‘rnatilgan edi. Ana shu talab bundan bir oy oldin bekor qilingan. Adliya vazirligi esa bu haqda xabar bermay kelgan. Ko‘pchilik buni yangi yo‘l harakati qoidalari bahonasida bilib qoldi.

Hujjatlardagi “barcha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari, majburiy tartibda” degan so‘zlar “muhim iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga ega normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari, qoida tariqasida” degan so‘zlar bilan almashtirilgan. Oddiy qilib aytganda, o‘zi shundoq ham yaxshi bajarilmayotgan majburiy talabdan shunchaki voz kechilgan xolos.

Faollar ta’kidlayotganidek, bu o‘zgarish ochiqlik va jamoatchilik nazoratida bir emas, ikki qadam orqaga tashlash bo‘ldi. Adliya vazirligi bu o‘zgarishni tushuntirishga urindi, lekin vazirlik keltirgan argumentlarning barchasiga nisbatan savollar yetarli.

Payshanba kuni Senatdagi yig‘ilishda ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston huquq ustuvorligi, davlatning xalq oldidagi hisobdorligi va aholi fikrini inobatga olish bo‘yicha xalqaro indekslarda pasaygan. Senat raisi Tanzila Norboyeva bu reytinglarda O‘zbekistonning o‘rni yomonlashganmi yoki o‘zgarishsiz qolganmi, aniq aytgani yo‘q. Lekin korrupsiya darajasi bo‘yicha reytingda olti pog‘onaga ko‘tarilib, 140-o‘ringa chiqqanimiz, demokratiya indeksida esa besh pog‘onaga ko‘tarilib, 150-o‘ringa chiqqanimizni aniq qilib aytdi. Bu yerda gap 140- va 150-o‘rinlar haqida ketayotganda, shu o‘rinlargacha yetib kelolganimizdan xursand bo‘lish kerakmi, ochig‘i bilmadik.

***

Xarajatlarni qisqartirish topshirig‘i va aeroport qurish rejasi

“Andijon, Namangan va Farg‘ona aeroportlari atrofi bino-inshootlar bilan zich o‘ralgani, ularni kengaytirish imkoniyati cheklangani sababli”, uchta viloyatning o‘rtasida yangi xalqaro aeroport qurish taklif etilmoqda. Suratda – ushbu aeroport loyihaviy taklifi

Ukrainadagi urush fonida O‘zbekistonda uy-joy narxlari sezilarli oshdi. Markaziy bank e’lon qilgan hisobotga ko‘ra, Toshkentda yil boshidan beri uy-joy narxlari 15 foizga qimmatlashgan. O‘zbekiston bo‘yicha uylar narxi uch oy ichida o‘rtacha 10 foizga ko‘tarilgan.

Urushning iqtisodiyotga zararini yumshatish uchun 1 iyundan boshlab tadbirkorlarga ayrim soliq yengilliklari beriladigan bo‘ldi. Davlat organlariga yil oxirigacha ortiqcha xarajat qilish, ya’ni mashina sotib olish, bino ta’mirlash, mebel bilan jihozlash kabilar taqiqlandi.

Amaldorlarga budjet pulini ortiqcha narsalarga sarflash taqiqlanishi juda yaxshi albatta, lekin millionlab dollarlik xarajatlarga sabab bo‘ladigan boshqa ayrim loyihalar davom etaverar ekan, ko‘zlangan maqsadga erishish qiyin. Masalan, dushanba kuni Farg‘ona vodiysi uchun yangi xalqaro aeroport qurish rejasi e’lon qilindi. Vodiydagi uchta aeroport imkoniyatidan yetarlicha foydalanilmayotgan bir paytda, yana millionlar sarflab yangi aeroport qurish qanchalik kerak?

Shu o‘rinda o‘tgan yili budjet taqchilligi 6 foizgacha chiqib ketganini ham eslab o‘tish kerak. Bu holatga Xalqaro valuta jamg‘armasi missiyasining shu hafta e’lon qilgan hisobotida ham e’tibor qaratilgan. Hisobotda xalqaro ekspertlar O‘zbekistonga ko‘plab tavsiyalar bergan. Masalan, monopoliyalarni bekor qilish, biznes uchun teng sharoitlar yaratish, mulk huquqini himoya qilish, qonun ustuvorligini ta’minlash, korrupsiyaga qarshi kurashish, davlatning iqtisodiyotdagi rolini qisqartirish va hokazo. Xalqaro valuta jamg‘armasi vakillarining fikricha, ko‘pdan ko‘p farmon va qarorlar o‘rniga, bozor tamoyillariga asoslangan mustahkam va barqaror qonunchilik bazasini yaratish kerak.

***

Toshkent shahri yangiliklari

Shukrullo Jahongirov Toshkentga tutash hududda qurilayotgan Olimpiya shaharchasi loyihasini prezidentga taqdim etmoqda. 7 mart / Foto: Prezident matbuot xizmati

Hokim Jahongir Ortiqxo‘jayev poytaxtning asosiy ko‘chalaridagi hamma chuqurlarni 10 kun ichida bartaraf etishga topshiriq berdi. Ma’lum bo‘lishicha, Toshkentdagi asosiy ko‘chalar ro‘yxatiga 76ta ko‘cha kiradi. Aholidan yo‘llardagi chuqurlar haqida “Xalq nazorati” platformasi orqali xabar berish so‘ralmoqda.

Toshkent metropoliteni aholi qo‘lida qolib ketgan jyetonlarni sotib olyapti. Bu borada Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi buyruq chiqargan. Agar sizda o‘sha qadrdon jyetonlar qolgan bo‘lsa, ularni metro kassalarida QR-kodli chiptaga almashtirishingiz yoki metropolitenning bosh ofisiga borib, ularni amaldagi yo‘l haqiga binoan sotishingiz mumkin.

Shu hafta qurilish vazirining o‘rinbosarlaridan biri almashdi. Shuhratxo‘ja Hoshimov o‘rniga Shukrullo Jahongirov tayinlandi. Bu xabarni Toshkent shahri yangiliklari orasida aytib o‘tayotganimiz bejiz emas. Jahongirov tayinlovga qadar poytaxt hokimligida ishlayotgandi. Bor-yo‘g‘i ikki oy oldin esa shahardagi milliardlab so‘mlik qurilish loyihalarini tendersiz qo‘lga kiritayotgan Mimar Group kompaniyasining bosh arxitektori edi. Biz avvalroq mazkur kompaniyaning Artel kompaniyasiga aloqadorligi haqida yozgan edik.

***

Hududlarda...

Norin tumani fermerlari o‘zlari 3 yildan beri ishlab kelgan klaster bilan shartnomalarini bekor qilishga va yangi ochilgan klasterga o‘tishga majbur bo‘ldi.

Toshkent xabarlaridan hududiy yangiliklarga o‘tsak. Bosh vazir o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyevning yopiq majlisi bayoni va hokimiyat bosimi bilan Namangan viloyati Norin tumani fermerlari majburan boshqa klasterga o‘tdi. Bu haqda batafsil Kun.uz surishtiruvida tanishishingiz mumkin, qisqasini aytganda esa, fermerlar erkin deb yozilgan qonunlar ham, prezident qarori ham G‘aniyev o‘tkazgan majlis bayoni oldida ish esholmay qoldi.

Buzilgan, sotilgan, qo‘yxonaga aylantirilgan madaniy meros obektlari degradatsiyaga uchrashda davom etyapti. Navbatdagi varvarlik Buxorodagi Sitorai Mohi Xossa saroyida ro‘y berdi. Restavratsiya ishlari noto‘g‘ri olib borilgani sababli saroyning bir qator qismlari tarixiy va badiiy ahamiyatini butkul yo‘qotgan. Jinoyat bo‘yicha tergov olib borilyapti.

Hududiy xabarlarning ko‘pi, istaymizmi-yo‘qmi, hokimliklar bilan bog‘liq. Qisqacha sanab o‘tadigan bo‘lsak, hafta davomida Namanganning Chust tumani hokimi yordamchisi yer ajratish uchun 1,5 ming dollar olayotgan vaqtda ushlandi. Qarshi shahar hokimligi va kadastr xodimlari 105 gektar yerni noqonuniy ajratgani ma’lum bo‘ldi. Navoiyda viloyat deputati qonunga zid ravishda Karmana tumani hokimi o‘rinbosari bo‘lib ishlayotgani aniqlandi.

Haftaning eng og‘ir xabari Nukusda shifokorlarning malakasizligi sabab chaqaloq o‘ldirilgani bo‘ldi. Fevral oyida ro‘y bergan voqeada, tug‘ruqxona shifokorlari chaqaloqni tug‘ilganidan bir kun o‘tib o‘lgan deb hisoblagan va “morg”ga yuborgan. Patologiya xodimlari esa chaqaloqning ko‘kragini kesganida u tirik ekani ma’lum bo‘lgan. Achinarlisi, “morg” xodimlari kesilgan chaqaloqqa birinchi yordam ko‘rsatmay, uni tug‘ruqxonaga qaytarib yuborgan. Natijada chaqaloq ayni shu kesma kesma-jarohat sababli vafot etgan.

Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, loaqal ko‘kragi kesilganidan keyin ham chaqaloqqa kerakli yordam ko‘rsatilganida, u yashab qolishi mumkin edi.

Ayanchli fojia juda ko‘p og‘ir muammolarimizdan darak beradi. Qoidabuzarlar haqida xabar berganlar “terpila”ga chiqarilishi ham ana shulardan biri. Bloger Shahnoza Soatova ta’biri bilan aytganda:

“Tasavvur qilingki, birov pora bilan o‘qishga kirib, pora bilan bitirib, vrach bo‘lyapti-da, tirik chaqaloqni so‘yyapti. Uni ho‘v o‘sha “paravoz” yo “bunker”da testini yechib berishayotganini ko‘rgan abituriyentlardan biri chaqib bergani yaxshi edi”.

***

Bu hafta yana nimalar bo‘ldi?

Moliyaviy piramida asoschisi ekani aytilayotgan shaxs

Toshkentda moliyaviy piramida tashkil qilib, odamlardan naq 3 mln dollar (!) o‘zlashtirgani aytilayotgan shaxs qo‘lga olindi. U “Realnaya Investitsiya” nomli kompaniya ochib, odamlardan 15 mingdan 200 ming dollargacha pul olgan va ularga oyiga kamida 10 foizdan foyda berib borishini aytgan. Bu foydani yangi “mijozlar”ning pullari hisobidan to‘lab kelgan.

Farg‘onada esa kollej bosh hisobchisi uch yil davomida 4,3 mlrd so‘mni o‘zlashtirib, onlayn qimorga tikib yuborgani shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Viloyat olimpiya zaxiralari kolleji buxgalteri hozirda qamoqqa olingan.

12 apreldan boshlab Toshkentdan Qozog‘istonning 5ta shahri va Tojikistonning Xo‘jand shahriga avtobus qatnovlari tiklandi. Masalan, Olmaotaga kuniga to‘rtta avtobus jo‘nab ketadi, yo‘lkira narxi – 200 ming so‘m. Bundan tashqari, 15 apreldan boshlab Toshkentdan Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahriga ham avtobus qatnovi boshlandi. Qariyb 13 soat davom etadigan reys uchun chipta narxi 250 ming so‘m.

Bu – ortda qolayotgan haftada O‘zbekistonda ro‘y bergan asosiy voqea-hodisalar dayjesti edi. Tezkor, aniq va xolis yangiliklarni Kun.uz'da kuzatishda davom eting.

Mavzuga oid

E`lonlar