Hili va Hillga nisbatan «DXR» JKning 430-moddasi («Yollanish») bo‘yicha jinoiy ish ochilgan. Hozirda britaniyalik asirlar «DXR»dagi tergov izolyatorlaridan birida tutib turilibdi.
22 yoshli Dilan Hili aprel oyida Zaporijjyadagi nazorat o‘tkazuv punktida qo‘lga olingan, u o‘shanda ukrain oilasini harbiy harakatlar hududidan olib chiqishga harakat qilgandi. Urushdan aziyat chekayotgan Ukraina aholisiga yordam ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi Presidium Network nodavlat tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, u gumanitar faoliyat bilan shug‘ullangan va mahalliy aholi vakillariga ko‘ngilli sifatida yordam ko‘rsatgan.
35 yoshli Endryu Hillni ham o‘sha oyda Mikolayiv oblasti hududida qo‘lga olishgan.
Rossiyaning TASS davlat agentligiga ko‘ra, Dilan Hili Mariupol ishg‘ol qilinishi chog‘ida Ilich nomidagi kombinat hududida, Hill esa - Mikolayiv oblastida qo‘lga olingan.
«Ular bilan tergov harakatlari olib borilmoqda, uning davomida tergovchilar britaniyaliklar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar bo‘yicha dalillarni olishi kerak bo‘ladi, chunki ular ko‘rsatma berish va ularga nisbatan ochilgan jinoiy ish doirasida hamkorlik qilishni istashmaydi», degan TASS agentligi bilan suhbatda «DXR» hukumatidagi manba.
Avvalroq, iyun oyida o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan «DXR» Oliy sudi britaniyalik Shon Pinner va Eyden Aslin, shuningdek Marokash fuqarosi Saadun Ibrohimni yollanma jangchilar sifatida harbiy harakatlarda ishtirok etish, zo‘rlik bilan hokimiyatni egallab olishga urinish, shuningdek terrorchilik maqsadlarida o‘quv kurslaridan o‘tishda aybdor deb topib, o‘lim jazosiga hukm qilgandi.
Payshanba kuni Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi Rossiyaga Pinner va Aslinga chiqarilgan o‘lim hukmi ijro etilmasligini (avvalroq Saadun Ibrohim bo‘yicha ham) ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatma berdi, ammo Rossiya bundan buyon ushbu sud qarorlarini bajarmasligini ma’lum qildi.
Endilikda legitimligi jahon hamjamiyati tomonidan tan olinmagan «DXR» sudi Hill va Hiliga nisbatan shu kabi ayblovlar e’lon qilgan.
Dilan Hili va Endryu Hill haqida nimalar ma’lum?
Dilan Hili qo‘lga olingani haqida aprel oyida Presidium Network gumanitar tashkiloti xabar qilgandi. BBC bilan intervyuda tashkilot vakili Dominik Birn Hili va yana bir britaniyalik, 45 yoshli Pol Yuri ko‘ngillilar sifatida ishlagani, mahalliy aholiga yordam ko‘rsatayotgan chog‘ida Zaporijjya oblastida rossiyalik harbiylar qo‘liga tushganini aytgandi. Hili va Yuri Presidium Network tashkilotidan mustaqil holda ishlagan, ammo u bilan yaqindan hamkorlik qilgan.

















