“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligidagi delegatsiya Londonda “Vinson & Elkins”, “Legal & General”, “Mizuho”, “JPMorgan Chase & Co.”, “Mitsubishi UFG”, “DeutscheBank” rahbariyati bilan uchrashdi
“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligidagi delegatsiya Londondagi tashrifi davomida yirik investitsiya kompaniyasi, xalqaro yuridik tashkilot va banklar vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazib, o‘zaro hamkorlik masalalarini muhokama qildi.
Uchrashuvlardan ko‘zlangan maqsad, kompaniyaning investorlari va kreditorlari bilan doimiy aloqada bo‘lib turish, ularni “O‘zbekneftgaz” AJning joriy moliyaviy-xo‘jalik faoliyati va rivojlanish rejalari bilan muntazam xabardor qilishdir.
“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi boshchiligidagi delegatsiya a’zolari dastlab, Angliyaning London shahrida “Vinson & Elkins” yuridik firmasining Londondagi ofisi vakillari bilan uchrashdi.
Uchrashuv doirasida tomonlar qo‘shma loyihalarning hozirgi holati, yangi istiqbolli yo‘nalishlar, yuzaga kelgan vaziyat va mavjud sanksiyalar xavfi tufayli xalqaro bozorlarda beqaror iqtisodiy vaziyatni ham tahlil va muhokama qildilar.
“Legal & General” investitsiya kompaniyasi vakillari bilan uchrashuvda esa kompaniya vakillari O‘zbekiston Respublikasi neft-gaz va bank-moliya sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan, kompaniyaning joriy faoliyati bilan, amalga oshirilayotgan transformatsion loyihalar bilan, shuningdek so‘nggi yillarda erishilgan natijalar bilan tanishtirildi.
“Legal & General” kompaniyasi vakillari o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga tayyorliklarini qayd etib, O‘zbekneftgaz AJ ehtiyojlarini hisobga olgan holda moliyaviy mahsulotlar bo‘yicha takliflar berish uchun zarur materiallarni qo‘shimcha o‘rganishni taklif qildi.
Boshqaruv raisi boshchiligidagi delegatsiya a’zolari “Mizuho” va “JPMorgan Chase & Co.” xalqaro banklar rahbariyati bilan uchrashib ko‘pgina moliyaviy masalalar yuzasidan fikr almashishdi.
“Mizuho” xalqaro banki bilan uchrashuvda tomonlar “O‘zbekneftgaz” AJ loyihalarini amalga oshirish va boshqa korporativ maqsadlar uchun o‘rta va uzoq muddatli moliyalashtirishni jalb etish imkoniyatini muhokama qildilar.
Ta’kidlash joizki, bank vakillarida “O‘zbekneftgaz” AJning umumiy qiymati 700 mln AQSh dollari bo‘lgan debyut yevroobligatsiyalarning muvaffaqiyatli chiqarilishi, shuningdek “Uzbekistan GTL” zavodi faoliyati hamda neft va gaz sohasidagi islohotlar mavzusida fikr almashishdi.
“JPMorgan Chase & Co.” xalqaro banki vakillari bilan uchrashuvda esa tomonlar mart oyida bo‘lib o‘tgan uchrashuv yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishning hozirgi holati, shuningdek, Jamiyat tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalarni qisqa va o‘rta muddatli moliyalashtirish, hamda turli korporativ xizmatlarni jalb etish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Uchrashuv yakunida ushbu xalqaro banklar bilan doimiy aloqani saqlab qolish va zarur axborot almashish bo‘yicha kelishuvga erishildi, shuningdek, hamkorlikning mavjud istiqbolli yo‘nalishlarini yanada o‘rganish kelishib olindi.
Ana shu uchrashuvlar doirasida, Boshqaruv raisi boshchiligidagi delegatsiya a’zolari “Mitsubishi UFG” va “DeutscheBank” xalqaro banklarining Londondagi ofis rahbarlari bilan uchrashib, ko‘pgina moliyaviy masalalarni muhokama qilishdi.
Aytish joizki, “Mitsubishi UFG” mas’ullari “O‘zbekneftgaz” AJning 700 million AQSh dollari miqdoridagi yevroobligatsiyalari London birjasiga joylashtirilganini hamda “Uzbekistan GTL” zavodida mahsulot ishlab chiqarila boshlanganini muvaffaqiyatli harakat deb baholadilar.
Yaponiyadagi eng yirik moliyaviy guruh va dunyo banklar reytingida kuchli o‘nlikda sanaladigan “Mitsubishi UFG”, “Global Finance” jurnali o‘tkazgan so‘rovnomaga ko‘ra 2015 yilning eng yaxshi korporativ banki deb topilgan. Albatta, bunday nufuzi baland bank bilan hamkorlik qilish Jamiyatning moliyaviy holati mustahkamlanishiga hissa qo‘shishi shubhasizdir.
Bundan tashqari, tomonlar o‘tgan yil mart oyidagi kelishuvlarning hozirgi holatini ham muhokama qilishdi va bir qator loyihalarni amalga oshirish hamda boshqa korporativ maqsadlarni birgalikda bajarish uchun qo‘shimcha mablag‘ jalb qilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishdi.
“DeutscheBank” vakillari bilan uchrashuvda tomonlar professional tajriba almashishning istiqbolli yo‘nalishlarini, jumladan turli konferensiyalar, seminarlar va treninglar o‘tkazib, shuningdek, amalga oshirilayotgan loyihalar va jamiyatning turli korporativ ehtiyojlari uchun mablag‘ jalb etish imkoniyatlarini muhokama qilishdi.
Har bir uchrashuvda banklar bilan doimiy aloqa va axborot almashinuvini ta’minlash, hamkorlikning barcha mavjud istiqbolli yo‘nalishlarini rivojlantirishga kelishib oldilar.
“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati Ⓣ
Mavzuga oid
18:04 / 14.09.2024
Yirik energetika korxonalarining soliq to‘lovlari keskin qisqarishda davom etmoqda
21:27 / 05.09.2024
GTL zavodining davlatga soliq tushumi 2 barobarga kamaygani ma’lum bo‘ldi
20:27 / 29.08.2024
Yirik energetika korxonalari soliq to‘lashni keskin kamaytirdi
13:59 / 29.08.2024