O‘zbekiston | 20:52 / 19.07.2022
34257
9 daqiqa o‘qiladi

“IMEI ishi”: IIB xodimi 40 mingga yaqin fuqaroning shaxsiy ma’lumotlarini sotgan

IMEI-kodlar bilan bog‘liq, yashirib kelinayotgan yirik ko‘lamdagi jinoyatlardan birinchisining tafsilotlari ma’lum bo‘ldi. Unga ko‘ra, Andijon viloyati IIB mas’uli R.Mirhaydarov xorijga chiqqan fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlarini sizdirib turish orqali Nexia-3 mingan. Bundan tashqari, u IIB bazasida bo‘lgan 40 mingga yaqin fuqaroning shaxsiy ma’lumotlarini ham pullagan.

O‘zbekistonda 2020 yilda ko‘tarilgan mojaro ortidan, mobil qurilmalarning IMEI-kodlarni boshqa fuqarolarning pasportlariga noqonuniy ravishda qayd etish bilan shug‘ullangan bir nechta jinoiy guruhlar borligi fosh bo‘lgan edi.

Gazeta.uz mazkur jinoyat ishlari ko‘rib chiqilgan sudlar qanday yakunlanganiga doir ma’lumotlarni taqdim qildi. Ma’lum qilinishicha, shu kabi jinoyat ishlaridan biri 2021 yil Andijonda birinchi instansiya va apellyatsiya sudlarida ko‘rib chiqilgan.

Birinchi hukm Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon shahar sudi tomonidan 2021 yil 2 martda chiqarilgan. Mazkur ish bo‘yicha sudlanuvchilar: Andijon shahrida yashovchi, telefon sotish va sotib olish bilan shug‘ullangan A. Ahmedov (1991 y.t.), Andijon viloyati IIB Axborot texnologiyalari, kommunikatsiyalari va axborotni muhofaza qilish bo‘limi boshlig‘i R. Mirhaydarov (1992), andijonlik tadbirkor U. Mirzayev (1991), mahalliy korxonada ish yurituvchi N. Ashurov (1990), sobiq maktab o‘qituvchisi B. Kamoldinov.

Sud materiallariga ko‘ra, ushbu shaxslar 2020 yilning yanvar oyida tadbirkor Ahmedov boshchiligida bojxona nazoratini chetlab o‘tib, O‘zbekistonga kirib kelayotgan ko‘p sonli mobil telefonlarning IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish maqsadida jinoiy til biriktirgan.

Sud qaroridan ma’lum bo‘lishicha, Mirhaydarov va Mirzayevlar – Ashurov va Kamoldinovlar orqali O‘zbekistonga chiqib ketgan va qaytgan fuqarolarning ma’lumotlarini tizim operatori – «O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi» DUKda ro‘yxatga olgan.

Andijon viloyati IIBning AKT boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan Mirhaydarov o‘z mansab mavqeyidan foydalangan holda uyushgan guruh manfaatlarini ko‘zlab, jismoniy shaxslarning shaxsiy ma’lumotlarini qonunga xilof ravishda to‘plagan, ishlatgan va o‘tkazib yuborgan, deyiladi ish materiallarida.

Xorijga chiqqan fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari viloyat IIB Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi ma’lumotlar bazasida mavjud bo‘lib, Mirhaydarov to‘rt oy davomida ma’lumotlar bazasi parolini bilgan holda ularni yashirincha yig‘ib, Mirzayev orqali Ahmedovga Telegram’dan jo‘natgan.

Ma’lum qilinishicha, Ahmedov buning uchun Mirzayevga 13 800 dollar bergan, shundan 12 000 dollar Mirhaydarovga Nexia-3 rusumli avtomashina sotib olib berishga sarflangan, qolgan 1800 dollarni esa Mirzayev xizmati uchun olgan.

Ish materiallariga ko‘ra, jinoiy guruh boshqa noma’lum shaxslar bilan til biriktirib, O‘zbekistonga noqonuniy olib kirilgan umumiy qiymati 6,4 mlrd so‘mlik 3618 dona telefonning IMEI-kodini uchinchi shaxslarning pasportlariga rasmiylashtirishga yordam bergan. Noqonuniy olib kirish natijasida 1 mlrd 630 mln so‘mlik bojxona to‘lovlari to‘lanmagan.

Materiallarga ko‘ra, buning uchun ular IIBning “Uzoq muddatga ketgan shaxslar” elektron bazasi ma’lumotlaridan foydalanishgan. 40 mingga yaqin shaxsning shaxsiy ma’lumotlari parol bilan himoyalangan Excel faylida guruhning yana ikki a’zosining Telegram akkauntiga yuborilgan.

Bitta telefonning IMEI-kodini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun 0,5−2 dollar olishgan. Pullar hukm qilinganlar nomiga ochilgan plastik kartalariga o‘tkazilgan.

Umuman hisobda, 2020 yilning yanvar-sentabr oylarida 3578 nafar shaxsning shaxsiy ma’lumotlaridan noqonuniy foydalanilgan bo‘lib, bu fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarining buzilishi hisoblanadi.

Jabrlanganlarning aksariyati ayblanuvchiga hech qanday da’vosi yo‘qligini aytib, jazoni yengillashtirishni so‘ragan. Faqat ikkitasi qonuniy choralar ko‘rishni talab qilgan, chunki shaxsiy ma’lumotlaridan noqonuniy foydalanish ularning telefonlarini ro‘yxatdan o‘tkazishga to‘sqinlik qilgan. Sudlanuvchilar o‘z ayblariga qisman iqror bo‘lib, qilmishlaridan pushaymon ekanini aytgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon shahar sudi tomonidan quyidagi hukm chiqarilgan:

  • A. Ahmedov va U. Mirzayev Jinoyat kodeksining 141-2-modda 2-qismi «a» va «v» bandlari (shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirgan holda buzish; takroran yoki xavfli jinoyat sodir etish) hamda 182-modda 2-qismi «a» va «v» bandlari (bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini o‘ta ko‘p miqdorda buzish; tovarlar yoki boshqa mulklarni O‘zbekiston bojxona chegarasi orqali ochiq, ruxsatsiz olib o‘tish yo‘li bilan) bilan aybdor deb topilgan va 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.
  • R. Mirhaydarov 141-2-modda 2-qismining «a», «v» va «d» bandlari, 182-moddasi 2-qismining «a» va «v» bandlari va 2-qismining «b» bandlari bilan aybdor deb topilgan. 205-moddasi bilan 3 yil-u 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.
  • N. Ashurovga ham xuddi shunday moddalar bilan 2 yil 3 oy, B. Kamoldinovga esa 1 yil 6 oy qamoq jazosi tayinlangan.
  • U. Mirzayev 141-2-modda 2-qismining «a», «v» va «d» bandlari, 182-moddasi 2-qismining «a» va «v» bandlari hamda 2-qismning «b» bandlari bilan aybdor deb topilgan. 205-moddasi bilan 3 yil-u 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.

Apellyatsiya

2021 yil 23 dekabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon viloyat sudining apellyatsiya instansiyasi sudlanuvchilar A. Ahmedov, U. Mirzayev va R. Mirhaydarovning shikoyatini ko‘rib chiqqan.

Sud hay’ati birinchi instansiya sudida ayblanuvchilarning aybiga qisman iqror bo‘lganliklari va qilmishidan pushaymonligini hisobga olgan holda ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan yengilroq jazo tayinlash imkoniyati muhokama qilinmagani va og‘irroq jazo tayinlaganini qayd etgan. Shuningdek, apellyatsiya sudi sudlanuvchilarning voyaga yetmagan farzandlari borligi va oilalarida yagona boquvchi ekani, muqaddam sudlanmagani, sodir etgan jinoyati katta ijtimoiy xavf tug‘dirmasligini e’tiborga olgan.

Shu munosabat bilan sud R. Mirhaydarovga nisbatan jazoni 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini moddiy javobgar lavozimlarni egallash huquqidan mahrum qilishga almashtirgan, ammo bu muddat, uning deyarli bir yil qamoqda bo‘lgani hisobga olingan holda, 1 yil 11 oy 26 kunga qisqartirilgan.

U. Mirzayevga ham 3 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, muddat 1 yil 9 oy 20 kunga qisqartirilgan.

Andijon viloyat sudi matbuot kotibi Nurulla No‘monovning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha yuqoridagi ish bo‘yicha Oliy sudda ham apellyatsiya shikoyati ko‘rib chiqilib, viloyat sudining ajrimi o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil yanvar oyida IIV Kiberxavfsizlik boshqarmasi mas’uli Baxtiyor Sulaymonov O‘zbekiston bo‘yicha karantin zonalarida rasman 7 mingga yaqin shunday qonunbuzarlik qayd etilganini ma’lum qilgan edi. Lekin ushbu jinoyatchilarning taqdiri borasida boshqa hech ma’lumotlar taqdim qilinmagan.

Ayni vaqtda O‘zbekistonda UzIMEI bilan bog‘liq mojarolar hamon kun tartibidan tushmayapti. Mas’ullar esa OAV va ijtimoiy tarmoqlarda yog‘ilayotgan tanqidlarga ko‘z yumish bilan chegaralanmoqda.

Tizimda bir qancha muammolar mavjud. Xususan, IMEI kodni ro‘yxatdan o‘tkazish qimmatligi hamda bu pullar qayerga ketayotgani ham ochiqlanmayapti. O‘zbekistonliklar o‘z nomida nechta qurilma borligini bilolmaydi, turistlar esa telefon ishlatish uchun pochta eshigida sarg‘ayishga majbur.

Bundan tashqari, UzIMEI ortidan sodir qilingan jinoyatlarda fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlariga “dostupi” bor bo‘lgan amaldorlar turgan bo‘lishi ehtimoli borligi jamoatchilikda savollarni yanada ko‘paytirmoqda.

Mavzuga oid