Jahon | 18:40 / 08.08.2022
11841
3 daqiqa o‘qiladi

Ukrainadagi turar joy binosiga o‘t ochgan rossiyalik tankchiga hukm chiqarildi

Ukraina sudi rossiyalik tankchi, Chernihiv atrofidagi turar joy binosini o‘qqa tutishda ayblangan Mixail Kulikovni 10 yilga ozodlikdan mahrum etdi. Kulikov Ukrainada bosqin boshlanganidan buyon qamalgan ikkinchi rossiyalik harbiy bo‘ldi.

Foto: PETER KOVALEV/TASS

Chernihivning Desnyanskiy rayon sudi Kulikovni urush urf-odatlari va qonunlarini buzishda ayblangan.

Kulikov ustidan sud jarayoni Chernihivda 24 iyun kuni boshlangandi. Birinchi sud majlisida u amalda aybiga iqror bo‘lgandi. 4 avgust kuni prokuror suddan rossiyalikni 10,5 yillik koloniyaga jo‘natishni so‘ragandi.

Ayblov tomoni versiyasiga ko‘ra, 26 fevral kuni 31 yoshli Kulikov o‘z komandiri buyrug‘iga ko‘ra T-72B tankidan Chernihiv atrofidagi ko‘p qavatli turar joyga o‘q uzgan. Zarba natijasida kvartiralar vayron bo‘lgan, ammo qurbonlar qayd etilmagan. O‘sha kuni ukrain harbiylari Kulikovni asir olishgan.

Kulikovning tasdiqlashicha, Shchetkin familiyali komandir unga ko‘p qavatli uydagi kvartiralardan birida tankka qarshi granatomyot (RPG) borligini aytgan, shundan keyin u tank minorasini burgan va o‘t ochgan. Kulikov sudda turar joyga qarata o‘q uzayotganini anglab harakat qilganini tasdiqlagan.

«Barchasi tez bo‘lib ketdi, avtomatizm bilan. Qo‘rquv ichida. O‘zim uchun ham, ekipaj uchun ham qo‘rqqandim. Mana shunday qilib o‘q uzdim», deya tankchining so‘zlarini keltirgan «Ґrati» nashri.

Shuningdek, Kulikov qilgan ishidan pushaymonligini aytib, jabrlangan kvartiralar egalari hamda Ukraina xalqidan uzr so‘ragan.

«Ukraina aholisidan bu yerga bostirib kelganim uchun kechirim so‘rayman, bu biz tomonimizdan noto‘g‘ri ish edi. O‘t ochganim uchun ham uzr so‘rayman - men bu ishni qilganimdan juda ham afsusdaman. Men undan keyin bunday buyruqlarni bajarmagan bo‘lardim, chunki ular jinoyat hisoblanadi», degan u.

Rossiya mudofaa vazirligi ko‘p marta zarbalar faqat harbiy obektlar va infratuzilmalarga yo‘llanayotganini ma’lum qilgan. Sud boshlangan mahalga kelib asirlar almashinuvi doirasida Rossiyaga qaytgan mayor Shchetkin bloger Yuriy Zolkinga bergan intervyusida uning tanki odamlar va aholi yashash joylariga qarata o‘t ochganini rad etgandi.

Kulikov - Oltoy o‘lkasining Aleysk shahridan. U shartnoma asosida Rossiya qurolli kuchlarining 41-umumqo‘shin armiyasi tarkibida yo‘naltiruvchi operator sifatida xizmat qilgan.

May oyi oxirida Ukrainada 21 yoshli rossiyalik harbiy Vadim Shishimarin sud qilingandi. Sumi oblastida tinch aholi vakilini o‘ldirgan Shishimaringa sud tomonidan umrbod qamoq jazosi tayinlangandi. 29 iyul kuni apellyatsiya sudi bu jazoni 15 yilga ozodlikdan mahrum etish jazosiga almashtirdi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid