Vazirlar Mahkamasining “Vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish uchun mas’ul tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari va xodimlari AKT bo‘yicha savodxonlik darajasini oshirish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori loyihasi e’lon qilindi.

Mazkur qaror loyihasi bilan:

  • vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish uchun mas’ul tarkibiy bo‘linmasi rahbarlari va xodimlarining har uch yilda bir marotaba o‘tishi majburiy bo‘lgan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha savodxonlik darajasini reyting baholash tizimi asosida malaka oshirishi yangi tartibini joriy etish;
  • talabgor har uch yilda bir marta Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi “Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasining attestat.egov.uz – Attestatsiyadan o‘tkazish va malaka sertifikatini berish yagona axborot tizimi orqali majburiy ravishda attestatsiyadan o‘tishi;
  • talabgorning attestatsiya natijalari Attestatsiya axborot tizimidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha savodxonlik darajasini reyting baholash moduli orqali axborot-kommunikatsiya texnologiyasi sohasiga oid test o‘tkazish yo‘li bilan baholanishi;
  • attestatsiya natijalariga ko‘ra, shakllangan tavsiyaga asosan, davlat tashkilotlarining ish beruvchilari tomonidan mulkchilik shaklidan qat’iy nazar barcha turdagi o‘quv muassasalarida davlat tashkilotlarining mablag‘lari hisobiga talabgor malakasi majburiy ravishda oshirilishi;
  • talabgorning attestatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tishi natijasida olgan attestatsiya guvohnomasi uni qonunchilik hujjatlariga muvofiq talabgorni tegishli davlat tashkiloti tomonidan moddiy rag‘batlantirish to‘g‘risida qaror qabul qilishda hisobga olinishi va boshqa normalar belgilanmoqda.