O‘zbekiston | 15:26 / 24.02.2023
10324
3 daqiqa o‘qiladi

Konstitutsiyaga «snos» bilan bog‘liq muammoga yechim bo‘ladigan norma kiritiladi

Qonunchilik palatasining Konstitutsiyaviy qonun loyihasini tayyorlashga mas’ul bo‘lgan Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari hamda Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitalarining qo‘shma yig‘ilishi o‘tkazilyapti.

Foto: Kun.uz

Yangilanayotgan Konstitutsiya ilgari amal qilib kelgan «davlat – jamiyat – inson» tamoyilini «inson – jamiyat – davlat» deb o‘zgartirish, ya’ni eng avvalo inson manfaatini har narsadan ustun qo‘yishni maqsad qilgan

Insonning davlat organlari bilan o‘zaro munosabatlarda yuzaga keladigan qonunchilikdagi noaniqliklar inson foydasiga talqin qilinishi belgilanmoqda. Masalan, soliq qonunchiligida bir-biriga nomuvofiq bo‘lgan normalar vujudga keldi. Bunday nomuvofiqlikni soliq organi davlat foydasiga, fuqaro esa o‘z foydasiga talqin qilishni xohlaydi. Konstitutsiyaga kiritilayotgan mazkur kafolat bunday bahsga nuqta qo‘yadi va nomuvofiqliklar davlatga emas, balki inson foydasiga hal etiladi deb qat’iy belgilaydi.

Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini kuchaytirishga qaratilgan qo‘shimcha normalar kiritiladi. Jumladan, davlatning fuqarolarni ishsizlikdan himoya qilish va kambag‘allikni qisqartirish choralarini ko‘rishga oid vazifalarini nazarda tutuvchi yangi modda kiritiladi. Bundan tashqari, mazkur moddaga muvofiq, davlat fuqarolar bandligini ta’minlash uchun ularning kasbiy tayyorgarligi hamda qayta tayyorlanishini tashkil etishi va rag‘batlantirishi nazarda tutilmoqda.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, fuqarolarning uy-joyli bo‘lish huquqi konstitutsiyaviy darajada mustahkamlanmoqda. Davlat uy-joy qurilishini rag‘batlantirishi va uy-joyga bo‘lgan huquqning amalga oshirilishiga shart-sharoit yaratishi belgilanmoqda. Ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalarni uy-joy bilan ta’minlashning qonuniy asoslari yaratilmoqda.

Konstitutsiyada hech kim sudning qarorisiz va qonunga nomuvofiq holda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi aniq mustahkamlanmoqda. Uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning hamda u ko‘rgan zararlarning o‘rni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda qoplanishi ta’minlanadi.

Mazkur normaning Konstitutsiyaga kiritilishi bir necha yillardan buyon jamiyatda o‘tkir muammolardan biriga aylangan «snos» bilan bog‘liq muammoga yechim bo‘ladi.

Mavzuga oid