Jahon banki O‘zbekiston uchun iqtisodiy prognozini e’lon qildi
Jahon banki (JB) prognozlariga ko‘ra, O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulot o‘sishi 2023 yilda 5,1 foizni tashkil etadi. Rossiya iqtisodiyotining yanada qisqarishi, shuningdek, jahon moliya bozorlaridagi keskin sharoit – O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sish prognoziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan xavflar sifatida ko‘rilmoqda.
Jahon banki mutaxassislari “Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasining iqtisodiy sharhi” hisobotini e’lon qildi.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonda 2023 yilda iqtisodiy o‘sish 5,1 foizni tashkil etishi (Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi hozirda prognoz qilinayotgan eng yuqori o‘sish) va o‘rta muddatli istiqbolda bosqichma-bosqich tezlashishi kutilmoqda.
Rossiyaning Ukrainadagi urushi va Rossiyaga qarshi joriy etilgan sanksiyalar bilan bog‘liq transport logistikasidagi qiyinchiliklar oziq-ovqat va energiya narxlarining yuqori bo‘lishiga va shaxsiy iste’molni kamaytirishga turtki bo‘lib qolishi mumkin.
Xususiy sarmoya va savdoning ko‘tarilishi hamda O‘zbekistonga pul o‘tkazmalarining 2022 yildagi eng yuqori cho‘qqisiga chiqqaniga nisbatan barqarorlashishi kutilmoqda. Xitoy iqtisodiyotining kutilayotgan tiklanishi O‘zbekistondan to‘qimachilik va oziq-ovqat eksportiga bo‘lgan talabni oshirishi mumkin.
Oltin va mis eksportidan bo‘lgan tushumning oshishi, shuningdek, davlat investitsiyalarining sekinlashishi budjet taqchilligining 2023 yilda YaIMning 3,3 foizigacha qisqartiradi.
Hukumat tashqi qarzlar bo‘yicha cheklovlarga amal qilishi kutilmoqda, bu esa 2025 yilga borib davlat qarzi va umumiy tashqi qarzning yalpi ichki mahsulotga nisbatan 32 foiz va 55 foizgacha bosqichma-bosqich qisqarishiga olib keladi.
Ijtimoiy himoya dasturlarini yanada oshirish va kengaytirish mamlakatda kambag‘allik darajasini pasaytirishga xizmat qiladi. 2023 yilda kambag‘allik darajasi 12 foizga tushishi kutilmoqda.
Rossiya iqtisodiyotining yanada qisqarishi, shuningdek, jahon moliya bozorlaridagi keskin sharoit – O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sish prognoziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan xavflar sifatida keltirib o‘tilgan.
Milliy iqtisodiyotning ijobiy tendensiyalari qatoriga esa oltin, tabiiy gaz va misga jahon narxlarining ehtimoliy ko‘tarilishi, shuningdek, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar bilan qo‘llab-quvvatlanishi mumkin bo‘lgan unumdorlikning yuqori o‘sishi kiradi.
Mavzuga oid
17:27 / 06.11.2024
Jahon banki iqlim o‘zgarishining qishloq xo‘jaligiga ta’sirini baholadi
22:46 / 26.10.2024
Dunyodagi eng nufuzli biznes-indeks tiklandi
17:43 / 18.10.2024
“Qarz olinganiga yarasha, iqtisodiy ko‘rsatkichlar barqaror bo‘lishi lozim” - Jahon banki katta iqtisodchisi
08:20 / 18.10.2024