Klarna – Yevropadagi yirik fintex kompaniyalaridan biri. Unda sanoqli o‘zbeklar ishlaydi. Shulardan biri Nodir Shams Klarna’da dasturiy ta’minot muhandisi. U nega Germaniyada qonunlar ishlashi, olmon madaniyati, u yerdagi maoshlar va boshqa mavzularda Kun.uz’ga gapirib berdi. 

Oila birlashuvi vizasi

Toshkent viloyatining Bekobod tumanida tug‘ilgan Nodirbek Shams bakalavriatni Toshkent davlat axborot texnologiyalari universitetida o‘qiydi. O‘sha paytda ingliz tilini o‘rganib, til sertifikatiga ega bo‘lgani qo‘l kelib, magistratura uchun Janubiy Koreyaga ketadi.

Qahramonimiz o‘qish davrida ayoli va farzandini ham o‘zi bilan olib ketishga harakat qiladi. Biroq viza masalasi hal bo‘lavermagach, Germaniyaga ketishga harakat qilib ko‘rishadi.

“6 oylik urinishlarimiz o‘xshamagach, ayolim Germaniyada DAAD stipendiyasiga harakat qilgan. Stipendiya olgach, o‘g‘lim bilan Germaniyaga ketishgan. Keyin men ham magistraturani bitirib, oila birlashuvi vizasi asosida Germaniyaga jo‘nadim”, – deydi u.

“O‘g‘limizga 8 oy o‘zim qaraganman”

Oila birlashuvi vizasi migrantlarga Germaniyada ishlash huquqini beradi. Lekin Nodirbek Germaniyadagi dastlabki 6 oyda ayolining o‘qishiga yordam beradi.

“Chunki ayolim o‘qishini bitirib olishi uchun amaliyot o‘tashi kerak edi. Uning amaliyot joyi va yashash joyimiz boshqa federal yerlarda joylashgani sababli u borib kelishi uchun bolaga kimdir qarab turishi kerak edi. Shu vazifani o‘zim bajarganman. 8 oy o‘zim bola parvarishi bilan shug‘ullandim”, – deydi Nodirbek Shams.

Shundan keyin turli IT kompaniyalariga ish uchun hujjat topshirib ko‘radi va kompaniyalardan birin-ketin chaqiruv takliflarini oladi.

“Albatta, IT kompaniyalari intervyulari juda qiyin bo‘ladi. Ularga yaxshi tayyorlanish kerak. Bolaga qaragan vaqtim davomida 3 oy intervyularga ham tayyorlanganman. Oxirida adidas va Klarna kompaniyalaridan ishga taklif olganman”, – deydi u.

$50 mingdan $90 minggacha yillik maosh

Mana 3 yildirki, Nodirbek Klarna’ni tanlab 3 yildan beri shu kompaniyada Senior Software Engineer lavozimida ishlab keladi.