Bugun, Xitoy Xalq Respublikasi – dunyoning ikkinçi iqtisodiy qudrati. Harbiy salohiyati ham faqat AQŞdan keyin turişi taxmin qilinadi. Xitoy iqtisodiy qudratining ösiş tezligi nihoyatda hayratlanarli. Yalpi içki mahsulotining nominal qiymati AQŞ YaIMga juda yaqinlaşib qoldi.

Lekin, sotib oliş qobiliyati bilan ölçanganda, AQŞ YaIMdan köra kattaroq ekani aytiladi. Xalqaro moliya institutlarining hisobotlariga köra, bugun dunyodagi eng yirik iqtisod aynan Xitoy uluşiga töğri keladi – global iqtidiyotning 18 foizi. AQŞning uluşi esa, 15 foiz atrofida ekani aytiladi.

Iqtisodiy qudrati ösib borayotgan rasmiy Pekinning global siyosatdagi öziga işonçi va ambitsiyalari ham oşib bormoqda. Keyingi yillarda Pekinning kollektiv ğarb bilan strategik tiraşuvi kristallaşib bormoqda. Xitoy Xalq Respublikasi dunyoda köp qutblililikning yirik ijodkorlaridan, bayroqdorlaridan. Global siyosatda, rasmiy Pekinning öz “komandasi” ham mavjud, bu – Rossiya Federatsiyasi, Pokiston, Eron va boşqa davlatlar.

Markaziy Osiyo davlatlari endi mustaqil bölganda, Xitoy Xalq Respublikasining mintaqadagi iştiroki faqat savdo-iqtisodiy va sarmoya bilan çeklanar edi. Oradan uçta ön yillik ötib, rasmiy Pekin Markaziy Osiyoning birinçi yoki ikkinçi (RF bilan almaşib turadi) savdo-iqtisodiy hamkoriga aylandi.

2022 yilgi Xitoy rasmiy ma’lumotlariga köra, Pekin va Markaziy Osiyo davlatlari örtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik 70 milliard dollarlik körsatkiçdan oşgan. Bu bilan, MO mintaqasining savdo-iqtisodiy hamkorligi, Rossiya yoki ğarb davlatlari bilan qiyoslaganda, kattaroq ekani ma’lum böladi.

Havfsizlik va harbiy hamkorlik borasida ham mintaqa davlatlarini birlaştiruvçi köplab loyihalar bor. Jumladan Şanhay Hamkorlik Taşkiloti kabi köp tomonlama salohiyatli taşkilot ham faoliyat yuritadi. ŞHT – Markaziy Osiyo davlatlarining geosiyosiy va geomafkuraviy qaraşlarini şakllantirişni maqsad qilib qöyadi.

Şu yilning mart oyida Moskvada Xitoy davlat rahbari Si Jinping va Putin qöşma bayonot bilan çiqib, jumladan “Markaziy Osiyo mintaqasida taşqi aralaşuvga imkoniyat bermaymiz, buzğunçi ğarbning bu mintaqada rangli inqiloblar amalga oşirişga imkon bermaymiz” zaylidagi fikrlar bildirişdi.

Aprel oyida esa, Xitoyning Fransiyadagi elçisi yanada qiziq fikrlar bildirdi. Elçining fikriga köra, Qrim – tarixan Rossiyaniki bölgan, va post-sovet davlatlarining suvereniteti xalqaro huquqda mustahkam maqomga ega emas.

Keyingi yillarda Moskva va Pekin örtasidagi aloqalar, “global tandem” maqomiga yetti. Bu ikki davlatning öz oldiga qöygan global maqsadi – kollektiv ğarbni dunyo hokimiyatidan yiqitiş, va özlari iştirokidagi köp qutblilik şakllantiriş hisoblanadi.

Vaziyatning xavotirli jihati şundaki, Moskvadagi Putin-Si bayonotlariga ham, XXRning Parijdagi elçisi bayonotlariga ham mintaqa davlatlari, taşqi işlar vazirliklari va davlat rahbarlari, heç bir körinişda munosabat bildirişmadi. Bamisoli, öşa bayonotlarni “ma’qul” deb, yutişgandek bölişdi. Agarki, mintaqa davlatlari Moskva-Pekin tandemiga qarşi, alohida-alohida e’tiroz bildirişga, qizil çiziqlarni körsatişga qörqişsa, beş respublika birlaşgan xolda, hamjihatlik bilan, jör bölib, öz e’tirozlarini bildirişi kerak edi. Moskva ham, Pekin ham Markaziy Osiyoning suvereniteti, hududiy yaxlitligi, va mintaqa hamjihatligi masalasida, “qizil çiziqlarni” aniq bilişi kerak, öşa çiziqdan öta olmasligi kerak.

Xitoyning global qudrati oşişi, rasmiy Pekinning global ambsitsiyalari şiddat bilan ösib borayotgan fonida, Markaziy Osiyo davlatlari uçun tarixiy ahamiyatga ega savol paydo böladi: dunyoning eng yirik iqtisodiy, harbiy hamda texnologik qudratli davlati böladigan XXR – mintaqa davlatlari uçun imkoniyatmi, yoki tahdidmi?

Iqtisodiy rivojlaniş, köpinça, mintaqaviy xususiyatga ega böladi. bu ma’noda, dunyoning iqtisodiy rivojlaniş markazi Osiyoga köçayotgani – biz uçun, katta imkoniyat. Lekin, asosiy muammo – Xitoy Xalq Respublikasining siyosiy qaraşlari, qadriyatlari, uzoq muddatli maqsad va vazifalariga borib taqaladi.

Pekin öz xududi içra raqamli totalitarizm joriy qildi, inson huquqlari va demokratiyadan çekinişning yangi texnologik modelini körsatdi, etnik kamçiliklarni agressiv assimilyatsiya qiliş borasida hali heç bir davlat qila olmagan repressiv modelni namoyiş qildi. Aynan mana şu xolatlar XXRga şubha va işonçsizlik, xavotir bilan qaraşga undaşi kerak.

Şu paytgaça, Markaziy Osiyo davlatlari uçun, demokratiya va inson huquqlari, siyosiy plyuralizm – içki taraqqiyotni belgilovçi omil sifatida körildi. Yangi global kontekstda, demokratiya va siyosiy plyuralizm taşqi tahdidlarga javob beriş vositasi sifatida ham körilişi kerak.

Çunki, kuçli markazlaşgan va yakka şaxslaşgan siyosiy tizimlar, XXR va RF kabi qudratli avtoritar davlatlar uçun, qulay va oson ölja bölişi aniq.

Kamoliddin Rabbimov,
siyosatşunos