O‘zbekiston | 08:32 / 20.07.2023
13404
5 daqiqa o‘qiladi

«Open budget»: dedlayn tugamoqda, barcha g‘olib loyihalar amalga oshadimi?

O‘zbekistonliklarning sevimli loyihasi «Open budget»ning 2023 yil uchun ikkinchi mavsumiga start berildi. Ammo hali birinchi mavsumda g‘olib bo‘lgan loyihalarning barchasi amalga oshirilgani yo‘q. Ularni bajarish uchun belgilangan muddat esa tugab bormoqda.

Foto: Kun.uz

2023 yilgi birinchi mavsum uchun rekord miqdorda – 16 million o‘zbekistonlik ovoz bergan va 1666 ta loyiha g‘olib deb topilgandi. G‘olib loyihalar ijrosiga 1,6 trillion so‘m ajratildi. Keyinchalik 2 mingtadan ortiq ovoz olib g‘olib bo‘lolmagan yana 1,3 mingta loyihani moliyalashtirish uchun qo‘shimcha 1,3 trillion so‘m ajratilishi belgilandi. Bundan tashqari, tanlovda 1,5 mingta ovoz olib g‘olib bo‘lolmagan loyihalar 2024 yilgi budjet dasturiga kiritilishi belgilandi.

Loyiha bir qarashda mukammal qilib tuzilgan, ammo joylarda uning ijrosida sustkashlik kuzatilayotgan ko‘rinadi. Bu borada Kun.uz'ga ham murojaatlar kelib tushmoqda.

«G‘olib bo‘lish uchun pul sarflagandik»

Loyiha o‘zbekistonliklar orasida shu qadar ommalashdiki, 2023 yildagi birinchi mavsumda ovoz berganlar soni loyihaning 2021 yilida ovoz berganlardan 13 baravar ko‘p bo‘ldi. Raqobat kattaligidan odamlar o‘z loyihasi g‘olib bo‘lishi uchun turli yo‘llarni izlashga majbur bo‘ldi.

Masalan, moliyaviy manfaatdorlik evaziga ovoz yig‘ishga. Kimdir ko‘chalarda salqin ichimlik evaziga, kimdir 10-15 ming so‘m pul evaziga ovoz yig‘di. Bu uchun esa ozmi-ko‘pmi o‘sha hududdagi odamlar pul yig‘ishga majbur bo‘lgan. Tabiiyki bu tarzda ovoz yig‘ish hech qanday qonunga zid emas, qaytaga intrigani, bu orqali esa loyihaga qiziqishni oshiruvchi harakat. Kun.uz'ga murojaat qilgan sirdaryolik o‘quvchi o‘z mahallasidagi loyiha xuddi shu tarzda g‘olib bo‘lganini aytadi. Xovos tumani Sharqobod mahallasidagi ko‘pchilik foydalanadigan nobop ko‘cha «Mening yo‘lim» loyihasida g‘olib bo‘lganiga ikki oydan oshgan, ammo hamon qandaydir harakatdan darak yo‘q.

Tumandagi mas’ullar keyingi hafta, yana keyingi hafta deyishdan nariga o‘tmagan. Mahalladagilar esa loyiha g‘olib bo‘lishi uchun pul yig‘gan odamlarning eshigini taqillatib kelishni boshlagan. Ikki o‘rtada qolgan va tuman mas’ullarining quruq va’dalarini eshitib yurgan faollar noqulay ahvolga tushib qolgan. Va bunday holat birgina Sirdaryodagi mahallada bo‘layotgani yo‘q.

Kun.uz muxbiri Samarqand viloyatining qator hududlarida ham g‘olib bo‘lgan loyihalar ijrosi hali boshlanmaganini aniqladi. Aslida bu boradagi har qanday savollarga javob topilishi kerak bo‘lgan openbudget.uz saytida esa faqat tushunarsiz protokollarni topishingiz mumkin. Saytda murojaat uchun yozilgan telefonlar ishlamaydi. Istasangiz telefon qilib ko‘ring. Saytda tumanlar bo‘yicha mas’ullarning ham ismi va raqamlari yozilgan. Ularning aksari ishlamaydi. Ishlagan telefonlarga ham yoki hech kim javob bermaydi yoki javob bergan odam umuman boshqa xodim bo‘lib chiqadi.

Saytda ayni damgacha nechta loyiha amalga oshirilgani, qanchasi jarayonda ekani haqida umumiy ma’lumot topolmaysiz.

Asfalt muammo bo‘lyaptimi?

Ijrosi kechikayotgan deyarli barcha loyiha yo‘l bilan bog‘liq ekani bu boradagi muammo ham aynan yo‘lga ketadigan qurilish materiali bilan bog‘liq degan xulosaga olib keladi. Kun.uz muxbirining aniqlashicha, yo‘l bo‘yicha loyihalar kechikishiga asfalt yetishmovchiligi sabab bo‘layotgani ehtimoli yuqori. Chunki «Tashabbusli budjet» doirasida g‘oliblarning aksar qismi yo‘l bo‘yicha loyihalar ekani asfaltga talabni keskin oshirgan.

Muddat qachongacha?

2023 yil 10 aprel kuni imzolangan prezident qaroriga ko‘ra jihozlash bo‘yicha loyihalar iyul oyida tugatilishi kerak. Qurilish va ta’mirlash ishlari bo‘yicha loyihalar ijrosi uchun oxirgi muddat esa 2023 yil avgust oyi etib belgilangan. Demak, dedlayn tugashiga bir oy vaqt qoldi. Belgilangan muddatgacha barcha loyihalar amalga oshiriladimi?

Mavzuga oid