Polsha o‘z chegarasini «Vagner» jangchilari kesib o‘tishi mumkinligidan xavotirda
Belarusda dislokatsiya qilingan «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasining yuzdan ortiq yollanma jangarilari Polsha va Litva chegarasi yaqinidagi Suvalki koridori hududiga o‘tkazilgan, degan Polsha bosh vaziri Mateush Moravetskiy.
Yollanma jangarilarning Belarus va RFning Kaliningrad oblasti orasida joylashgan Suvalki koridori tomon harakatlanishi Belarusning Grodno shahri yaqinida kuzatilgan. Polsha bosh vaziri ma’lumotlar olingan manbani oshkor etmagan.
«Ular (jangarilar) Belarus chegarachilari ko‘rinishida maskirovka qilib, noqonuniy migrantlarga Polsha hududiga beqarorlik keltirib chiqarish uchun o‘tishiga yordam berishi mumkinligi ehtimoli yuqori. Shuningdek, ularning o‘zi ham Polsha hududiga noqonuniy migrantlar ko‘rishinida chegarani kesib o‘tishi ehtimolli, bu qo‘shimcha tahdidlar yaratadi», — degan Moravetskiy Polsat News telekanaliga bergan intervyusida.
Polsha bosh vaziri vaziyatni «Polsha hududiga navbatdagi gibrid hujum uyushtirish uchun tashlangan qadam», deb atagan.
Moravetskiyning so‘zlariga ko‘ra, shu yilning o‘zida Polsha-Belarus chegarasini noqonuniy kesib o‘tishga 16 ming marta urinish bo‘lgan, Aleksandr Lukashenko va Vladimir Putin esa ikki yildan buyon noqonuniy migrantlarni Yevropaga Polsha hududi orqali tiqishtirishga urinib kelishadi.
Avvalroq Polsha ichki ishlar vaziri Mariush Kaminskiy «Vagner» XHK yollanma jangarilari ishtirokida jiddiy hodisa ro‘y beradigan bo‘lsa, Polsha, Litva va Latviya bir vaqtning o‘zida Belarus bilan chegaralarini yopishi mumkinligini ta’kidlagan edi.
Shanba kuni bunday niyat chindan ham borligini Litva ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Arnoldas Abramavichus tasdiqladi va bunday «muhokamalar real» ekanini aytdi. «Chegaralarni yopish imkoniyati mavjud», — deya uning so‘zlaridan iqtibos keltirgan AFP agentligi.
«Varshavaga ekskursiya»
Iyul oyi o‘rtalarida Belarus mudofaa vazirligi mamlakatga «Vagner» XHK yollanma jangarilari kirib kelganini, ular Mogilyov oblastida Belarus hududiy mudofaa kuchlarini shug‘ullantirayotganini xabar qilgandi.
23 iyul kuni Belarus yetakchisi Aleksandr Lukashenko Sankt-Peterburgda Vladimir Putin bilan uchrashuvi chog‘ida Belarusda joylashtirilgan «Vagner» XHK jangarilari go‘yoki Polsha Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib berayotgani uchun o‘ch olish maqsadida «Varshavaga ekskursiya» qilish uchun o‘zlarini tayyorlayotgani, u qiyinchilik bilan ularni bu niyatidan qaytarganini aytib o‘tdi.
Lukashenkoning bu so‘zlari qo‘shni davlatlarda kuchli bezovtalik keltirib chiqargan.
Belarus hududi bo‘ylab harbiy texnikalar harakatini monitoring qiluvchi «Belaruski Gayun» Telegram-kanalining yozishicha, o‘tgan davr ichida mamlakatga yollanma jangarilarning 11 ta kolonnasi kirib kelgan.
Belarusda «Vagner» XHK yollanma jangarilari lageri paydo bo‘lgach, Polsha hukumati o‘z sharqiy chegarasidagi mudofaa qobiliyatini oshirish lozimligi haqida bayonot bergan.
Shu kunlarda Polsha mudofaa vazirligi armiyadagi askarlar sonini qariyb ikki barobarga — hozirgi 172 mingdan 300 minggacha oshirish rejasi borligini bayon qildi.
Tahlil: Polsha Rossiyadan kelayotgan tahdidga javoban qurollanmoqda
BBC rus xizmati harbiy sharhlovchisi Pavel Aksyonov Polsha o‘z qurolli kuchlarini qanday modernizatsiya qilayotgani va bu holga Ukrainadagi urush qanday ta’sir o‘tkazganini hikoya qilib berdi.
«NATOga Yevropadan a’zo bo‘lgan mamlakatlar orasida bizda eng kuchli quruqlikdagi qo‘shinlar bo‘ladi», — bu so‘zlarni Polsha mudofaa vaziri Mariush Blashchak o‘tgan yil iyunida aytgan, biroq bunday maqsad yanada avvalroq qo‘yilgan.
Ayni paytda Polsha qo‘shinlari modernizatsiyasi 2022 yil 24 fevraldan so‘ng Rossiya tomonidan kelishi mumkin bo‘lgan xatarlar hisobga olinib olib borilmoqda. Ammo bu jarayon ancha avval boshlangan.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar 1999 yilda — Polsha NATO a’zosiga aylangach va bu hodisa Rossiyada o‘ta salbiy qabul qilinganidan so‘ng buzila boshlangan. So‘ngra, 2008 yilda Polsha hududiga NATOning havo hujumidan mudofaa tizimi tarkibiy qismlaridan biri o‘rnatilishiga qaror qilingan. Munosabatlar yanada buzilgan. O‘shanda G‘arb Rossiya bilan kelishishga harakat qilgan va HHM tizimi qurilishi rejalari bir necha bor qayta ko‘rib chiqilgan. (Nima bo‘lganda ham bu muzokaralarni HHM tizimi raketalarini Polshaga o‘rnatishni bekor qilish emas, uni keyinroqqa surishni taqozo qilgan, xullas, Polshadagi Redzikovoda HHM bazasi 2023 yilda ishga tushadi).
2014 yilda Rossiya Qrimni anneksiya qilgach, Polsha Boltiqbo‘yi davlatlari bilan birga o‘zini noqulay his qila boshladi — Moskvadagi turqi sovuq siyosatchilar ochiqchasiga butun Sharqiy Ukrainani bosib olish niyatlari borligini oshkor qila boshlashdi, bu gap-so‘zlardan Varshava Rossiyada imperiyachilik kayfiyati kuchayib borayotganini payqadi.
2015 yilda Polsha mudofaa vazirligi armiyani texnik modernizatsiya qilishdek ambitsiyali rejani qabul qildi. O‘shanda ustuvorlik HHM tizimlariga, harbiy dengiz kuchlarining kema tarkibi va pilotsiz boshqariluvchi qurilmalarga berildi. 2018 yilda RFning G‘arbiy okrugida yangi yirik bo‘linmalar paydo bo‘lganiga javoban Polsha quruqlikdagi qo‘shinlarning to‘rtinchi diviziyasini tuzdi.
2016 yilda NATO Polsha, Estoniya, Litva va Latviyada Rossiyani tiyib turish uchun batalon joylashtirishga qaror qildi. Alyans pozitsiyasi kuchaytirilishi Polsha qurolli kuchlarini kuchaytirish bilan baravar olib borildi. Mudofaa vazirligining «Polsha mudofaasi 2032 yilga bo‘lgan istiqbolda» dasturiy hujjatida Yevropadagi eng kuchli va eng ko‘psonli armiyasi barpo etish maqsad rasman tasdiqlandi. Biroq, mazkur hujjatda qayd etilgan ayrim maqsadlar 2022 yil fevralidan so‘ng qayta ko‘rib chiqildi.
2022 yil martida Polsha prezidenti «Vatanni himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi va unga ko‘ra Polsha qo‘shinlari sonini 300 mingga yetkazish nazarda tutilgan (2016 yilgi hujjatda «bor-yo‘g‘i» 200 ming kishilik armiya reja qilingan edi).
Eni qayta ko‘rib chiqilgan rejalarga ko‘ra, quruqlikdagi qo‘shinlar yana ikkita diviziyaga ega bo‘ladi — ularning soni oltitaga yetadi. Mudofaa xarajatlari avval YaIMning 2,5 foizi miqdorida oshirilishi rejalashtirilgan bo‘lsa, endi ular 4 foizgacha yetadi. Bu esa Yevropadagi eng katta ko‘rsatkichlardan biri bo‘ladi. 2023 yilning o‘zidayoq Polsha mudofaa uchun YaIMning 3 foizini yo‘naltirmoqchi.
Qurolli kuchlarni modernizatsiya qilish rejasi qurol-yarog‘ va harbiy texnikani ommaviy xarid qilishni nazarda tutadi. Polsha Janubiy Koreyaning K2PL tanklarini xarid qilmoqda. (Bu muvaffaqiyatli K2 tankining «polshalashtirilgan» versiyasi bo‘lib, ularning 820 tasi Polshada yasaladi). Bundan tashqari, polyaklar AQShdan ilgari ishlatilgan M1A1FEP Abrams tanklaridan 116 tasini, M1A2 SEPv3 Abrams tanklaridan 250 ta yangisini buyurtma qilgan.
2022 yil avgustida Polsha Janubiy Koreyaning K9 o‘ziyurar haubitsalaridan 212 ta, sentabr oyida o‘zlarida ishlab chiqariladigan Krab o‘ziyurar haubitsasidan 48 ta buyurtma qilgan. Varshava shuningdek, Polshada ishlab chiqariladigan Jelcz avtomobillari shassisiga o‘rnatilgan HIMARS uchirish qurilmalaridan 468 ta, original shassidagi HIMARS’lardan 18 tasiga egalik qilishni rejalashtirgan. AQSh Kongressi bu bitimni fevralda tasdiqlagan.
Yetkazib berish shartlariga ko‘ra, 300 km uzoqlikdagi nishonni aniq ura oladigan ATACMS raketalari ham hisobga olingan.
Fevral oyida Polsha mudofaa vazirligi o‘zlari ishlab chiqargan Borsuk g‘ildirakli og‘ir zirhli mashinalardan qariyb 1400 tasini buyurtma qilgan. Ularning 1000 tasi piyodalar zirhli mashinalari ko‘rinishida yasaladi, qolganlari turli yordamchi mashinalar bo‘ladi. Polsha shuningdek, F-35 qiruvchi uchoqlarining so‘nggi Block 4 modifikatsiyasidan 32 tasini xarid qildi. Polsha harbiy havo kuchlari uchun uchoqlarni yig‘ish jarayoni Lockheed Martin zavodlarida aprel oyidayoq boshlab yuborilgan.
Mavzuga oid
01:38
Lukashenko 21 nafar sobiq kuchishlatar tizimlar vakillarini unvonidan mahrum qildi
11:02 / 18.11.2024
Polsha bosh vaziri: Yaqin haftalar Kiyev uchun hal qiluvchi bo‘ladi
20:18 / 16.11.2024
Lukashenko Belarus uysizlar va tekinxo‘rlar bilan «jiddiy kurashishi»ni aytdi
14:34 / 15.11.2024