2026-yilning 1-iyul holatiga Oʻzbekistonda jismoniy shaxslarga tegishli avtotransport vositalari soni 4 mln 982 ming 516 donaga yetdi, deya xabar berdi Milliy statistika qoʻmitasi.
Avtotransport vositalari turlari boʻyicha bu quyidagicha taqsimlangan:
- yengil avtomobillar – 4 618 719 dona;
- yuk avtomobillari – 343 375 dona;
- mikroavtobuslar – 7 508 dona;
- maxsus transport vositalari – 7 128 dona;
- avtobuslar – 5 786 dona.
Hududlar kesimida eng koʻp transport vositasi Toshkent shahri (637 ming 706 dona), Fargʻona (573 ming 472 dona) va Samarqand viloyatlarida (563 ming 72 dona) roʻyxatga olingan.

Har 1000 kishiga 129 ta avtomobil
Statistika agentligi maʼlumotlariga koʻra, 2026-yil 1-iyul holatiga (roʻyxatga olish natijalarisiz) Oʻzbekiston aholisi 38 mln 519,5 ming kishiga yetdi. Shu raqamlar asosidagi Kun.uz hisob-kitoblariga koʻra, har 1000 nafar aholiga oʻrtacha 129,4 ta (faqat yengil avtomobillar boʻyicha 119,9 ta) avtotransport vositasi toʻgʻri kelyapti.
Hududlar kesimida eng yuqori koʻrsatkich Toshkent shahrida qayd etilgan boʻlib, har 1000 kishiga qariyb 199 ta avtotransport vositasi toʻgʻri keladi. Keyingi oʻrinlarni Toshkent (149,3) va Buxoro viloyati (146,1) egallagan. Har 1000 kishiga eng kam avtomobil toʻgʻri keladigan hudud Jizzax viloyati (92,1) hisoblanadi. Shuningdek, Namangan (104,8) va Qoraqalpogʻistonda (107,1) ham mazkur koʻrsatkich respublikadagi oʻrtacha darajadan sezilarli darajada past shakllangan.

Taʼkidlash lozimki, Oʻzbekiston bozorida taklif hajmi yildan yilga oshib boryapti. Masalan, 2017-yilda mamlakatda 135 mingta avtomobil ishlab chiqarilgan boʻlsa, bu koʻrsatkich 2025-yilda qariyb 458 mingtani tashkil etdi va 8 yilda 3,4 barobarlik oʻsish kuzatildi. Birgina 2021-yilni hisobga olmasa, ishlab chiqarish har yili sezilarli darajada oshib kelyapti.











