Yamanning «Ansor Alloh» husiyçi jangçilar guruhi Qizil dengizdagi kemalarga uyuştirgan hujumlari munosabati bilan AQŞ Eronga nisbatan bayonotlari ohangini kuçaytirdi. «Biz bilamizki, Qizil dengizdagi savdo kemalariga qarşi operatsiyalarni rejalaştirişda Eronning roli katta bölgan», — deya ma’lum qildi 22 dekabr, juma kuni AQŞ Milliy xavfsizlik kengaşi matbuot kotibi Edriyenn Uotson razvedka ma’lumotlariga tayanib.
Uning sözlariga köra, Tehron husiyçilarga dronlar, raketalar va uşbu hujumlarni rejalaştiriş hamda amalga oşiriş uçun muhim bölgan muhim razvedka ma’lumotlarini, jumladan dengiz kuzatuv tizimi axborotlarini taqdim etgan. Vizual tahlil şuni körsatganki, husiyçilar tomonidan uçirilgan raketalar va dronlar taşqi körinişi böyiça Eronning özida işlatiladiganidan deyarli farq qilmaydi.
Yuk taşiş xavfsizligini ta’minlaş böyiça xalqaro operatsiya
18 dekabr kuni Qöşma Ştatlar eng muhim yuk taşiş savdo yöllaridan birining xavfsizligini ta’minlaş böyiça Prosperity Guardian - «Farovonlik qöriqçisi» xalqaro operatsiyasi boşlanganini e’lon qildi, unda Pentagon, Bahrayn, Buyuk Britaniya, Ispaniya, Italiya, Kanada, Niderlandiya, Norvegiya, Seyşel orollari va Fransiya qatnaşadi. Bundestag ruxsatidan keyin Germaniya ham operatsiyaga qöşilişi mumkin.
Avvalroq, 5 dekabr kuni AQŞ Markaziy qömondonligi husiyçilarni Eron qöllab-quvvatlayotganini e’lon qilgan edi. Uşbu bayonotga köra, «Qöşma Ştatlar özining xalqaro ittifoqçilari va şeriklari bilan töliq muvofiqlaştirilgan holda barça tegişli javob çoralarini körib çiqadi».
Yaman husiyçilari va Yamandagi uruş
Yaman husiyçilari Qizil dengizdagi kemalarga noyabr oyida hujum qila boşladi hamda oziq-ovqat va tibbiy buyumlar Ğazo sektoriga kiritilmagunça Isroilga yöl olgan har bir kemaga hujum qiliş bilan tahdid soldi. Bu xalqaro yuk taşişda katta tösiq böldi, törtta kompaniya, şu jumladan soha yetakçisi MSC öz kemalarini Adan körfazini Qizil dengiz bilan boğlaydigan dunyodagi eng muhim yuk taşiş yöllaridan biri - Bab al-Mandeb böğozi orqali jönatmasligini e’lon qildi. Qizil dengiz orqali global yuk taşiş hajmi 10-12 foizni, neft taşuvlarida taxminan 5 foizni va barça konteyner taşişda taxminan 30 foizni taşkil qiladi.
Yaman Qizil dengiz va Adan körfazi örtasidagi Bab al-Mandeb böğozida joylaşgan. Eron tomonidan qöllab-quvvatlangan, aniq kölami va şakli hali noma’lum bölgan husiyçilar mamlakat şimolini, Saudiya Arabistoni tomonidan qöllab-quvvatlanadigan Yaman hukumati janubni nazorat qiladi. BMT ma’lumotlariga köra, Yamandagi uruş dunyodagi eng dahşatli gumanitar inqirozlardan birini yaratdi. 2022 yilning aprelida mojaro tomonlari olti oylik sulhga kelişib oldi. Garçi uning muddati ança oldin tugagan va tomonlar uni uzaytiriş böyiça kelişa olmagan bölsa-da, aslida u hali ham öz kuçida.












